Bozorlar ham raqamlashadi

Viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan “Sam-bozor” (raqamli bozor) dasturi amaliyotga joriy qilingan. Bunda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli “elektron aloqa” tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Past Darg‘om tumanidagi bozorlarda xizmat sifatini yaxshilash va uni “korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish” yuzasidan o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, viloyat prokurori M.Eshnazarov, IIB boshlig‘i R.Mamatov, tuman (shahar) prokurorlari, tashkilot rahbarlari, mahalliy hokimlik vakillari ishtirok etdi.

Seminarda viloyat prokuraturasi tashabbusi asosida amaliyotga joriy qilingan “Sam-bozor” (raqamli bozor) dasturi imkoniyatlari va erishilgan natijalar hamda  sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli “elektron aloqa” tizimi joriy etilganligi, raqamlashtirish orqali inson omilini qisqartirib, bozorlar faoliyatini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish borasida olib borilgan ishlar namoyish etildi.

Bozor faoliyatini raqamlashtirilishi natijasida 152 ta do‘kon alohida abonent sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, 53 kVT akkumlyatorli quyosh paneli o‘rnatilgan, “bozorni energiya mustaqilligi” ta’minlanishi natijasida davlatga sotilayotgan elektr hisobidan qo‘shimcha daromad manbasi yaratilgan.

Seminar davomida bozorlar va boshqa sohalarni to‘liq korrupsiyasiz sohaga aylantirish, ushbu illatga murosasiz muhitni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuvi holatini yuzaga kelishining oldini olish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar, sabablar hamda "tuynuk"lar va ularni bartaraf etishni viloyatning qolgan hududlarida ham joriy etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.