“BRICS - Yangi avlod”: Xalqaro maktabida samarqandlik talaba g‘oliblar qatoriga qo‘shildi

Bu yil BRICS-Rossiya ekspertlar kengashi BRICSning “Yangi avlod” xalqaro maktabiga nomzodlarni tanlash uchun “BRICS xalqaro maktabi: Yangi avlod” ilmiy-ijodiy tanlovini e’lon qildi.
BRICS uning faoliyati va rivojlanishiga hissa qo‘shadigan qator tuzilmalar va institutlarga ega davlatlararo birlashmasi sanaladi.
Ilmiy-ijodiy tanlovda ishtirok etish uchun nafaqat BRICS mamlakatlari, balki istalgan davlatdan talaba va yosh olimlar, diplomatlar, jamoat arboblari, yoshlar birlashmalari vakillari va ko‘ngillilar, tadbirkorlar va jurnalistlar taklif etildi. Natijada ilmiy-ijodiy tanlovda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, Misr, Indoneziya, Eron kabi BRICS mamlakatlari, shuningdek, Italiya, Marokash, Slovakiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Vetnam va boshqa davlatlarning eng yaxshi vakillari g‘olib deb topildi. Ijodiy tanlov g‘oliblari orasida o‘zbekistonlik Dono Mirzayeva ham bor.
Ta’kidlash o‘rinliki, tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlar 2025 yil 28 oktyabrdan 1 noyabrgacha Moskvada bo‘lib o‘tadigan BRICSning “Yangi avlod” xalqaro maktabida ishtirok etishga taklif qilinadi.
Rasmiy dastur ishtirokchilar o‘rtasida muloqot, fikr almashish va aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator ma’ruzalar, ekspert muhokamalari, seminarlar, interfaol sessiyalar va boy madaniy dasturni o‘z ichiga oladi.
Ilmiy-ijodiy tanlov g‘oliblari butun dunyodan 100 nafar yosh yetakchilar jahon hamjamiyatining bir qismi bo‘lish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘lishdi. Maktab har yili Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida BRICS yosh mutaxassislari zaxirasini shakllantirish va BRICS yoshlar trekini rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladi.
Dono Mirzayeva asli samarqandlik Toshkentdagi Britaniya menejment universiteti talabasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyda tahsil olgan.
2025 yilda Dono ASEAN AYFN akademiyasi tanlovida g‘olib chiqdi va ASEAN Yoshlar do‘stlik tarmog‘i dasturi doirasida Yaponiyada amaliyot o‘tadi. Ingliz tilini bilish bo‘yicha IELTSdan 8 ballga ega.
Ishonamizki, Dono Mirzayeva ushbu nufuzli BRICSning “Yangi avlod” xalqaro maktabining faol tinglovchisi sifatida faoliyat olib boradi.