Andiz o‘sgan yerlarda...
Azim SUYuN, 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyatidagi Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1977). Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening osmonim» (1978). Shundan so‘ng shoirning bir qancha she’riy majmualari («Zarb», 1979; «Zamin taqdiri», 1981; «Xayolot», 1984; «Ziyo yo‘li», 1986; «Javzo», 1987; «Olis tonglar», 1989; «Kuyganim — suyganim», 1992; «Qora ko‘zing sening», 1994; «Saylanma», 1997; «Sharq xikmati», 2000; «Ey do‘st», 2005) va bir nechta dostonlari («Sarbadorlar», 1981 va boshq.) nashr etilgan.
***
Andiz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmag‘ay,
Yaxshi bo‘lsa ayollar erlar yuzi so‘lmag‘ay.
Qaysi yurtda chinakam botir ersa yigitlar,
O‘sha yurtning ellari yovlarga qul bo‘lmag‘ay.
Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa o‘ldirar,
Bog‘ ko‘rmagan bog‘ ko‘rsa, payhon qilar, so‘ldirar.
Hushyor bo‘lgil, jon elim, elday saqla elingni,
Yovlaringga qo‘l bersang paymonangni to‘ldirar.
Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.
Qay bir millat tuprog‘in toptar ekan makkor yov,
O‘zligin bilganlarning baxti aslo butunmas!
Arg‘umoqlarga mining, g‘olib qilich yor bo‘lsin!
Bu dunyoda har kimning o‘z Vatani bor bo‘lsin!
Azim SUYuN.