Bu haqda gapirishga uyalamiz, ammo to‘g‘rilab qo‘ymaymiz. Mas’ullar esa jim...

Odatda hojatxonalar haqida gap ketganda andisha qilamiz. Go‘yoki bu mavzu uyatli, aytishga arzimas gap sifatida qaraymiz. Ammo bugun bozorlarimizda, eng asosiysi, katta hajmli qatnovga ega magistrallar atrofida sanitariya-gigiyena shaxobchalarining yo‘qligiga deyarli ko‘nikib qolganmiz. Yo‘l chetida to‘xtab turgan mashinalarga orqa o‘girib o‘tamiz, chunki aksariyat hollarda transport yo‘lovchilari ko‘cha chetida ehtiyojlarini qondirishi uchun to‘xtagan bo‘ladi.
Aslida bu masala oddiy voqelikdek ko‘ringani bilan tashqaridan qaraganda judayam xunuk holat. Ayni shuning uchun Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 21 sentyabrda “Yo‘l bo‘yi turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilingan.
Hujjatlardan hammasi yaxshidek, ammo yashirib nima qildik. Bu bilan deyarli hech narsa o‘zgarmadi. To‘g‘ri, o‘zgargan bo‘lishi mumkin.
M-39, M-37 va A-377 magistral yo‘llar yoqasida joylashgan 600 ga yaqin avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalaridagi sanitariya-gigiyena shaxobchalari xatlovdan o‘tkazildi. Ularga namunaviy loyiha asosidagi sanitar shaxobcha - hojatxona loyihalari taqdim qilindi.
Xo‘sh, keyinchi, keyin. “Shum bola”dagi boy otaning bu savoliga javob yo‘q. Chunki, keyin deyarli hech narsa o‘zgarmadi. Hatto bu masala mas’ullarning ham yodidan ko‘tarildi. Bugun karantin choralari yumshatilmoqda. Erta-indin sayohatlar boshlanadi. Mayli xorijlik mehmonlar kelmay tursin.
Savol qo‘shni viloyatdan kelgan mehmonlar Al-Buxoriy ziyorati uchun yo‘lga chiqishganda ehtiyoj tug‘ilsa, yo‘l chetidagi bog‘ oralashdan boshqa iloji bormi?
O‘ylaymizki, mas’ullar qisqa kunlarda bu masalaga yechim topishadi. Aks holda, katta magistrallar yoqasidagi nav-nihollar ham qish kelmasidan qurib bitishiga kafolat yo‘q. Yana bilmadik.
Yo.GADOYeV.