Bu kunlarning qadriga yetish kerak

Markaziy  harbiy okrug Samarqand garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiylari Payariq tumanidagi Zarafshon mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 98 yoshli Mahmadali Siddiqov xonadonida bo‘lib, otaxonni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi bilan tabrikladi.

– Shu kunlarda yurtimizda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda, – deydi Samarqand garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i Akbar Abduxalilov. – Biz ham bugun hayot bo‘lgan va jamiyatimizning eng ardoqli kishilari sifatida davlatimiz va xalqimiz e’zozidagi faxriylarimiz holidan xabar olib, ularni bayram bilan tabriklayapmiz. Tibbiyot xodimlari urush qatnashchilarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, harbiy orkestr ular uchun urush davridagi qo‘shiqlarni kuylayapti.

1944 yilda frontga safarbar etilib, ko‘p sinovlarni boshidan kechirgan, o‘lim bilan olishgan va qishlog‘iga g‘alaba bilan qaytib kelish nasib etgan Mahmadali ota butun umrini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishga bag‘ishladi. Qishlog‘idagi maktabda o‘qituvchilik qildi, ko‘p yillar direktor bo‘ldi. Ayni paytda Payariqdagi yakka-yu yagona urush qatnashchisi, ta’bir joiz bo‘lsa, tumanning eng e’zozli kishisi.

  Mahmadali ota Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi hayoti haqida yosh harbiylarga gapirib berdi, tinchlikning qadriga yetish va asrab-avaylash zarurligini ta’kidladi.

  – Yurtimizdagi katta-yu kichik hozirgi kunlarga shukrona aytib yashash kerak, – deydi Mahmadali Siddiqov. – Xudoga shukr, tinch-osoyishta zamonda yashayapmiz. Davlat har bir kishi mehnat qilishi, yaxshi yashashi uchun sharoit yaratib beryapti. Buyog‘i odamlarning o‘ziga bog‘liq. Mehnat qilgan kam bo‘layotgani yo‘q. Biz, urush qatnashchilari esa shu kunlarga yetkazganiga ming karra shukrona aytamiz. Har kuni Prezidentimizning, davlatimizning g‘amxo‘rligidan bahramandmiz. Bu yil ham bayram ancha erta boshlandi. Har kuni kelib, so‘rab turishibdi. Prezident ham katta pul mukofoti beryapti. Bundan minnatdor bo‘lamiz-da, albatta.