Bu yil abituriyentlar yo‘nalishlar kesimida test topshiradi
– Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari joriy yilning 29 iyulidan 13 avgustiga qadar o‘tkaziladi, – deydi Davlat test markazining Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Nosir Eshonqulov. – Imtihonlar Samarqand viloyatidagi 5 ta katta sig‘imdagi binolarda bo‘lib o‘tadi. Bu binolar – Samarqand davlat universiteti akademik litseyining sport zali, sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining 3 ta sport zali hamda Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejining sport zallari. Test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan binolarga ikki smenada har kuni 6120 nafar abituriyentning test topshirishi rejalashtirilgan. Bu yilgi test sinovlarini o‘tkazishda oliy ta’lim muassasalari navbati bilan qamrab olinmaydi, aksincha, jarayon yo‘nalishlar kesimida amalga oshiriladi.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga kirish istagida ro‘yxatdan o‘tgan 96 ming 56 nafar (shundan 6602 nafari boshqa viloyatlardan kelib test topshiradigan abituriyentlar) abituriyent qatnashishi rejalashtirilgan. Test sinovlari ikki smenada, ya’ni har kuni 08:00 (07:30 ga qadar abituriyentlar o‘z o‘rnida joylashgan bo‘lishi shart) va 15:00 (14:30 ga qadar abituriyentlar o‘z o‘rnida joylashgan bo‘lishi shart) da boshlanadi.
Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan binolarga kirishda abituriyentlar feykontrol va barmoq izlarini skanerlash qurilmalari orqali nazoratdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda abituriyentlar tomonidan aloqa vositalaridan foydalanishning oldini olish uchun maxsus qurilmalar o‘rnatiladi.
Shuningdek, binolardagi test jarayonlarini ota-onalar mazkur hudud yaqinida joylashgan SamMI klinikasi va Siyob tibbiyot kolleji hovlisida o‘rnatilgan monitorlar orqali kuzatib boradi. Monitorlarda ayrim nosozliklar kuzatilganda esa ota-onalar vakillari test sinovlari davom etayotgan binoga kirib, jarayonni bevosita kuzatib chiqish imkoniga ega bo‘ladi.