Bu yil kuzda Samarqandda 6,1 million tup ko‘chat ekiladi

Respublikamizda e’lon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida joriy yilda viloyat bo‘yicha 50,2 gektardan, Samarqand shahri Qorasuv massivida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i” hisobidan 61,3 gektar maydonda yashil bog‘ tashkil etilmoqda.

Hujjatda viloyat hududlarida 64 gektar maydonda 19 ta “Yashil jamoat parklari” barpo etish belgilangan bo‘lsa-da, hozirgacha bu ishlar Samarqand shahrida 23 gektar, Payariq tumanida 2 gektar kam bajarilmoqda.

- 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi ko‘kalamzorlashtiriladigan hududlarda sug‘orish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan, - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sh.Iskandarov. – Dasturga asosan, viloyatdagi 1105 mahallada “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlarni samarali sug‘orish tizimi tashkil etiladi. Bungacha esa obodonlashtirish boshqarmasining o‘ndan ortiq texnikalarini jalb etgan holda kechki paytda daraxtlarni sug‘orish ishlari olib borilyapti.

Viloyatda 16 ta ko‘cha “Namunaviy ko‘cha” sifatida tanlab olinib, ko‘chat ekish tadbirlari 5 ta tumanda amalga oshirilgan. Jumladan, Bulung‘ur tumani Gulzor ko‘chasida 200 tup gilos, Jomboy tumani Uzunovul ko‘chasida 190 tup o‘rik, Narpay tumani Shodlik ko‘chasida 300 tup katalpa, Oqdaryo tumani Amir Temur nomli ko‘chada 400 tup, Payariq tumani Zebiniso ko‘chasida 300 tup kashtan daraxti ko‘chati ekilgan. Qolgan tumanlarda kuzgi ko‘chat ekish mavsumida “Namunaviy ko‘cha”lar tashkillashtiriladi.

Joriy yil kuz faslida viloyat bo‘yicha 6,1 million tup daraxt ko‘chatini ekish rejalashtirilgan. Hozirda ko‘chatchilik xo‘jaliklarida 33 million tupdan ortiq ko‘chat zaxirasi mavjud.

O‘ktam Xudoyberdiyev.