Bu yil professional ta’lim muassasalariga 22 770 nafar o‘quvchi qabul qilinadi
Bugungi kunda viloyatda 74 ta professional ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 37 tasi kasb-hunar maktablari, 15 tasi kollej va 22 tasi texnikumlardir.
Kasb-hunar maktablarida 9-sinf bitiruvchilarining 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida ta’lim beriladi.
Kollejlarda umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi.
Viloyatda bugungi kunda 15 ta kollej bo‘lib, ularning 11 tasi pedagogika, 2 tasi tibbiyot, 1 ta qurilish va 1 ta transport kollejlaridir.
Texnikumlarda kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.
Texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish test sinovlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.
Viloyatda bugungi kunda 22 ta texnikum faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda veterinariya, tibbiyot, turizm, yuridik, arxitektura-qurilish, temiryo‘l, xizmat ko‘rsatish va servis, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va transport sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
2020-2021 o‘quv yilida kasb-hunar maktablarida 48 ta mutaxassislik bo‘yicha 8 461 nafar 9-sinf bitiruvchilari ta’lim olmoqda. Kollejlarda 30 ta mutaxassislik bo‘yicha 4 863 nafar, texnikumlarda 86 ta mutaxassislik bo‘yicha 8 750 nafar, jami 22 076 nafar o‘quvchi professional ta’lim muassasalarida o‘qimoqda.
2021-2022 o‘quv yili uchun professional ta’lim muassasalarining qabul rejasi va mutaxassisliklari shakllantirildi. Unga ko‘ra, 22 770 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirildi.
Otajon Norov,
Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy
boshqarmasi bosh mutaxassisi.