Bu yil Samarqandda 180 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etilishi lozim
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda ichki yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Prezident mas’ullardan har bir viloyatda yirik sement korxonalari va xususiy korxonalar bilan birgalikda yo‘l qurish va ekspluatatsiya klasterlarini tashkil etish orqali ichki yo‘llarning egasini topish bo‘yicha bergan topshirig‘i ijrosiniso‘radi.
"Bu borada Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydagi ishlar ahvoli qolgan hududlarga qaraganda hali sust”, dedi Prezident.
Bu hududlar hokimlariga masalaning ichiga kirib, jiddiy shug‘ullanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, 2022 yilda 2 ming 300 kilometr, shu jumladan Andijonda 270 kilometr, Farg‘onada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun 2022 yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 million tonnaga ko‘payadi. Ya’ni, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanishi ta’kidlandi.