Bu yil viloyat byudjetining 71 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi
2021 yil uchun viloyatning jami xarajatlari 3 trillion 759,7 milliard so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda. Bu 2020 yil byudjet parametrlarida xarajatlarga rejalashtirilgan mablag‘ga nisbatan 723,1 milliard so‘mga oshganligini ko‘rsatmoqda. Ijtimioy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga 2 trillion 683,8 milliard so‘m yoki jami xarajatning 71,4 foizini tashkil etmoqda.
Bu haqda Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat moliya bosh boshqarmasining 2021 yilda byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanish hamda maqsadliligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ia’lum qilindi.
- Keyingi yillarda davlat byudjetini qonun bilan tasdiqlash tizimi joriy etildi, - deydi viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayev. – Bunda, albatta, mablag‘ning aniq manzillari ishlab chiqilib, sarflanishi ham nazoratda bo‘ladi. Joriy yil may oyidan boshlab moliyaviy hisobotlarni e’lon qilish belgilandi. Viloyatimizda bir necha yildan buyon moliyaviy hisobotlarni ochiq e’lon qilayotgan boshqarma, tashkilotlar ko‘p, lekin hisobotni ko‘pchilikdan sir tutadigan tashkilotlar ham yo‘q emas. Endilikda barcha moliyaviy hisobotlar ochiq e’lon qilinadi. Bu albatta byudjet mablag‘larining sarflanishida shaffoflikni ta’minlaydi.
Qayd etilishicha, 2021 yil 1 yanvar holatiga viloyat mahalliy byudjetlarining erkin qoldiq mablag‘lari 137 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga yoki 69,1 milliard so‘mga oshgan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.