Bugun 806 nafar pedagog ikkinchi malaka toifasi uchun test sinovlaridan o‘tadi

Avval xabar berganimizdek, Samarqandda xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlarning malaka (test) sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Test sinovlari 5 oktyabrdan boshlangan bo‘lib, Samarqand davlat universitetining ikkita sport zalida tashkil etilgan.

Test savollari tajribali mutaxassislar tomonidan tuzilgan hamda xalq ta’limi vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan.

- Test savollari maktab darsliklari asosida 40 tadan tuzilgan, 24 tadan yuqorisini yechgan o‘qituvchi ikkinchi toifani oladi, - deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov. – Tabiiy va aniq fan o‘qituvchilariga 1,5 soatdan vaqt beriladi. Shu vaqt ichida ular berilgan test savollarini yechishi kerak. Berilgan muddat tugagach, kompyuterda o‘qituvchining to‘plagan bali e’lon qilinadi.

Test jarayonini adolatli o‘tkazish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Test sinovlarini nazoratchilar kuzatib bormoqda. Zallarga kameralar o‘rnatilgan, jarayonni xalq ta’limi vazirligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqda.

Pandemiya sharoitida test sinovlaridan o‘tishi kerak bo‘lgan o‘qituvchilarning hammasi ham qatnasha olmayapti. Masalan, 5 oktyabr kuni 611 nafar o‘qituvchidan 120 nafari test sinovlariga kelmagan bo‘lsa, 6 oktyabr kuni 935 nafar o‘qituvchidan 192 nafari qatnashmadi. Shuningdek, tana harorati yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar ham test sinovlariga kiritilmaydi.

Bugun fizika, kimyo, geografiya, biologiya, iqtisodiy bilim asoslari fanlaridan jami 806 nafar o‘qituvchi test sinovlarida qatnashishi rejalashtirilgan. Ushbu jarayon 10 oktyabrgacha davom etadi.

Xurshida ERNAZAROVA.