Bugun bizning bayram, lekin xizmat esdan chiqmayaptimi?!

Odatda bugungidek bayram kunlarida ayollar turmush o‘rtog‘iga har kungidan o‘zgacha xizmat qiladi. Buni boshqacha tushunadigan erkaklar ayolining hurmatini joyiga qo‘yish o‘rniga qo‘pol muomalada bo‘lishiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Ammo shu narsa aniqki, erkak kishining jufti haloli oldida ham ayrim burchlari bor...
Alloh ayoliga nisbatan erkakning jismoniy va ruhiy jihatlari bilan oilada rahbar bo‘lishga mos qilib yaratgan. Erkak kishiga oiladek muqaddas dargohga bosh bo‘lish vazifasini yuklab, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularni ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
“Erning ayoli oldidagi vazifasi yeganida uni ham yedirishi, kiyinganida kiyintirmog‘i, yuziga urmaslik, qabih so‘zlar bilan haqorat qilmaslik, arazlashganda uydan chiqmagan holda faqat o‘rnini boshqa qilib yotmoqlik”, deyilgan Hadisi sharifda.
Erkak kishining eng katta burchi o‘z qaramog‘idagilarning o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Darxaqiqat, erkakning zimmasiga ahli ayol nafaqasi farzdir.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi oila boshliqlari ayni shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘ymoqda. Ba’zi erkaklar o‘z jufti halollarini haqorat qilish yoki ularni ayollar sha’niga mos kelmaydigan yo‘llar bilan pul topib kelish uchun ko‘cha-ko‘yga chiqarib, hatto mardikorlikka borishlikka majbur qilmoqda. Bu esa er o‘z vazifasini ado etolmaganidan bo‘lib, oqibatda oilaning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu huzuriga bir ayol erini yetaklab kelib: “Ey amirul-mo‘miniyn! Bu kishi mening erim bo‘ladi, turmush qurganimizga uch oy bo‘ldi, men totuv yashashga ko‘p harakat qildim, lekin erimni rag‘bati bo‘lmadi, vazifalarini bajarmayapti, men bu er bilan ajrashaman”, - dedi.
Hazrati Umar eridan so‘radi: “Sen nima deysan?”.
Er: “Meni hech qanday shikoyatim yo‘q, lekin ajrashmayman”, - dedi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu erning kiyim-boshi, rangu ro‘yiga qarab sababini tushundi va ayolga: “Sen hozir uyingga ketgin va bir ozdan keyin kelgin, ungacha biz ering bilan suhbatlashib olamiz”, dedi.
Ayol ketgandan keyin Hazrati Umar roziyallohu anhu bu odamni hammomga olib borib yuvintirish, toza kiyimlarni kiygizishni buyurdi. Erni yuvintirishib, toza ko‘ylaklarni kiyintirib qo‘yishdi. Bu orada ayol kirib keldi, erining pokizaligini va toza liboslarni ustida ko‘rib ajrashish ahdini ham unutib, erini olib uyga ketdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu odamlarga: “Ayolingiz sizlarni chiroyli kutib olishni sevganingiz kabi ayollaringiz ham sizlarni toza va pokiza yurishingizni hohlaydi”, dedi.
Darhaqiqat, Islom dini ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni eng yaxshi insonlar qatoriga qo‘shadi.