Bugun tug‘ilgan kun

Samarqand viloyati «Zarafshon» (avvalgi «Lenin yo‘li») gazetasida chorak asrdan ziyod vaqt davomida ishlagan taniqli publitsist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Iso Abdurahmonov (suratda o‘ngda) 83 yoshga kirdi.
I.Abdurahmonov 1937 yil 5 mayda Qrim viloyati Yevpatoriya shahrida tug‘ildi. O‘smir yoshidan hayoti va faoliyatini Samarqand bilan bog‘lagan bo‘lg‘usi jurnalist oliy ma’lumotga ega bo‘lgach, 1967 yilda «Lenin yo‘li» gazetasiga musahhih sifatida ishga qabul qilingan.
Keyinchalik muxbir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Iso Abdurahmonov «Muxbirning oyog‘i yetmagan joy, muxbir o‘qimagan kitob, muxbir aralashmagan masala, muxbir bermagan savol, muxbir uchrashmagan kishi dunyoda bo‘lmasligi kerak. Zero, muxbir har kuni, har soat diplomatlarning uchrashuvida ham, yadroshunos olimlar laboratoriyasida ham, paxtakorning dalasida ham, konchining shaxtasida ham, kosmonavtlar davrasida ham hoziru nozir», degan shiorga doim amal qilib faoliyat yuritdi. Shu asosda «Zarafshon» madhiyasini yozdi:
Tomchilardan chin daryoga aylanasan sen,
Minglab uyga yo‘l olasan bo‘lib ming irmoq.
Satrlar-la yuraklarga boylanasan sen,
Uchqunlarni to‘plab-to‘plab, yoqasan chiroq.
Ey, «Zarafshon», «Zarafshon»im!
Tilsimli olam, quvonsam ham,
Bossa ham g‘am, sho‘ng‘iyman senga.
Ba’zan yaqin do‘st bo‘lasan,
Muallim ba’zan.
Adashganda yo‘l ko‘rsatib qo‘yasan menga.
Xas-cho‘plarni, chiqitlarni qirg‘oqqa otib,
Yo‘llaringda o‘stirasan anvoyi gullar.
Hech bir joyda sen orqaga ketmaysan qaytib –
Bilasanki, yuraklarda bor hali cho‘llar.
Ey, «Zarafshon», «Zarafshon»im!..
Iso Abdurahmonov bugungi kunda tug‘ilgan yurti - Qrimning Yevpatoriya shahrida umrguzaronlik qilmoqda.