Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Mamatqul Hazratqulov 1947 yil 1 fevralda Urgut tumanida tug‘ilgan. M.Hazratqulov Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Mehnat faoliyati davomida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Xususan, “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zbekiston Milliy Axborot agentligida faoliyat yuritgan. Ayni paytda “Guliston” jurnalida bosh muharrir vazifasida mehnat qilmoqda.
Mamatqul Hazratqulovning “Oq qush”, “Cho‘li iroq”, “Hayotning bir parchasi”, “Intizor”, “Quyosh men tomonda”, “Qo‘zichoqning ko‘z yoshlari”, “Jur’at”, “Eshiklar ochiq”, “Ko‘kko‘l”, “Diydor”, “Sevgi sozi” kabi hikoya va qissalar to‘plamlari chop etilgan.
“Mehr ko‘p ko‘rguzdim”, “Mehmon”, “Qadrim”, “Afandining yangi sarguzashtlari” kabi pesalari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnaga qo‘yilgan. M.Hazratqulov tarjimon sifatida L.Tolstoy, V.Shukshin kabi rus adiblari, shuningdek, ozarbayjon, tojik, tatar va yapon yozuvchilarining hikoya, qissalarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Mamatqul Hazratqulov “Mehnat shuhrati” va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.