Bugun tug‘ilgan kun: Ikrom Otamurod

Shoir va yozuvchi Ikrom Otamurod 1951 yil 5 mayda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlab, 1969 yilda ToshDUning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. Universitetni bitirgach, ilk ish faoliyatini “O‘zbekiston enseklopediyasi” nashriyotida boshlagan. Bir yildan so‘ng “Sharq yulduzi” jurnaliga ijodiy xodim bo‘lib ishga o‘tgan va bugungacha ushbu tahririyatda adabiy bo‘limni boshqarib kelmoqda.

Ikrom Otamurodning dastlabki she’riy to‘plami 1982 yilda «Vaqt ranglari» nomi ostida chop etilgan. Shundan so‘ng shoirning «Janub qushlari», «To‘rg‘ayli manzillar», «Ufqlar orti bepoyon», «Ruhimning qayg‘usi», «Sen», «Kanglum, o‘zing», «Tavr» kabi she’riy kitoblari nashr etildi.
Bir nechta dostonlar ham yozgan («Yarador umid otlari», 1986; «Uzoqlashayotgan og‘riq», 1990; «Sopol siniqlari», 1994; «Aning umidi», «Xaritaga tushmagan joy», 1992; «Tanazzul» kabi).
M.Darvish, M.Bsisu, U.Uitmen, P.Neruda, O‘.Sulaymon, Ye.Yevtushenko kabi shoirlarning she’r va dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1999 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Quyida shoirning she’rlaridan namunalar o‘qiysiz.
* * *
Kanglum, mendan bo‘lak kiming bor sening,
Kanglum, sendan bo‘lak mening kimim bor?
Ne desang, deguvchi — yolg‘izim mening,
Ne aytsang, aytguvchi — o‘zing xokisor.

Kanglum, meni tushunguvchi o‘zingsan faqat,
Kanglum, faqat seni anglab yetguvchi o‘zim.
Mening vujudimda ulg‘ayar toqat,
Sening vujudingda g‘unchalar to‘zim.

Kanglum, g‘amlarimning ashklari — dayro,
Kanglum, armonlaring qayg‘ulari — tog‘.
Kanglum, seni qa’riga tortar bu dayro,
Kanglum, meni yanchib ketadi bu tog‘.

Dahri dun dayrida chirpiragan gard,
Kanglum, bir kun ketarmiz chiqarmay na tog‘.
Kimgadir qoldirib g‘aribgina dard,
Kimgadir qoldirib g‘aribgina dog‘.

Kanglum… kang… lum…

***
Ba’zi kunlar cho‘zilib ketar,
ba’zi kunlar qisqa,
bir tutam.
Shams nuridan mehrlar kutar,
tumanlardan tuyadi sitam.
Ba’zi kunlar qovog‘in uyib,
borliq aro to‘qiydi to‘rlar.
Qayergadir boshini qo‘yib,
qayergadir poyini yo‘llar.
Ba’zi kunlar hovliqma siyoq
bodlarga tutqazar royini.
Tob tashlaydi dashtlarda giyoh:
xo‘rsinib,
quruqshab,
koyinib.
Ba’zi kunlar dillarga ko‘chib:
payvasta,
xesh,
yondosh bo‘lgaydir.
Armonlarning dog‘lari o‘chib,
umidlarning sehri to‘lgaydir.
Ba’zi kunlar — chigik tugunlar:
cho‘ziqmi,
qisqami nisbati…
…Tongdan
shomga yugurgan kunlar —
odamlarning munosabati.
* * *
…Mendan yiroq ketmagin sog‘inch,
yaqinim bo‘l,
suyanchim bo‘lgin.
Sukut ichra mustahkam bog‘ich
nurlariday kanglumda to‘lgin.
Talpinaman har lahza,
har zum,
sog‘inch mo‘g‘jalagan visolga.
Quyosh kunga bo‘lganday orzu,
tun ochganday bag‘rin hilolga.
Sog‘inch…
Unutma…
Ahyon-ahyon
qayrilib tur…
Men — bir nolaman…
Kanglum nochor…
Xo‘rsiniqqa yon…
Sensiz g‘arib bo‘lib qolaman…