Ustozlar milliy forumi: Yutuqlar e’tirof etildi, muammo va kamchiliklarga yechim izlandi

Xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi” shiori ostida to‘rtinchi “Ustozlar milliy forumi”ning yakuniy qismi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, ta’lim tizimi rahbarlari, o‘qituvchi va murabbiylar ishtirok etdi.
O‘tgan o‘quv yilida qanday natijalarga erishildi?
Maktab bitiruvchilarining 1889 nafari oltin, 348 nafari kumush medallar bilan 11-sinfni tugatdi. 342 nafari xorijdagi oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilindi. Misol uchun, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filiali 11-sinf o‘quvchisi Ibrohim Narzullayev 19 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasiining turli darajadagi grantlarini qo‘lga kiritib, muddatidan oldin o‘qishga qabul qilindi.
Bugun viloyatda ming dollardan ko‘p maosh olayotgan o‘qituvchilar 249 nafarga yetdi.
O‘tgan o‘quv yilida maktablarga 24 nafar xorijlik mutaxassislar jalb etildi. Bu yil yana 149 nafar mutaxassislarni viloyatga olib kelish rejalashtirilgan.
2024-2025 o‘quv yilida xalqaro olimpiadalarda 15 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Jumladan, Hindistonda 30 ta davlat o‘quvchilari ishtirok etgan xalqaro matematika musobaqasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 48-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Davronbek Doniyorov 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Kamchiliklar nimada?
86 ta maktab ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablar ro‘yxatiga kiritilgan. Jumladan, Urgutda 25 ta, Qo‘shrabotda 17 ta, Nurobodda 13 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 12 ta, Past Darg‘omda 7 ta, Payariqda 5 ta, Jomboy, Narpay, Ishtixonda 2 tadan va Oqdaryoda 1 ta maktab shunday toifada.
Pedagoglarning sifat tarkibi, ya’ni oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi viloyatda o‘rtacha 30,9 foizni tashkil etadi. Biroq bu ko‘rsatkich Urgut, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Payariq, Nurobod va Samarqand tumanlarida viloyat ko‘rsatkichidan ham past.
5384 nafar xorijiy til fani o‘qituvchilarining 1699 nafari, ya’ni 31 foizi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega emas.
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari ham viloyatda maqtanarli holatda emas. Joriy yilda 50286 nafar maktab bitiruvchilaridan 13499 nafari yoki o‘rtacha 26,8 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.
Qanday vazifalar belgilandi?
Forumda so‘zga chiqqan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyatdagi umumta’lim maktablarining muammo va kamchiliklari hamda yutuqlari haqida gapirdi. So‘ngra kelgusidagi ustuvor vazifalar hamda aniq maqsadlarga to‘xtaldi. Jumladan, viloyatdagi ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablarga beshta pedagogik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarining, Pedagogik mahorat markazi hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining mas’ul xodimlarini biriktirish, umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilarini milliy va xalqaro darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi uchun mahoratli, tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘quv-seminarlar tashkil etish kabi vazifalar belgilab berildi.
O‘z navbatida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda ustuvor vazifalar belgilab olinganini ta’kidladi. Masalan, yangi o‘quv yilida oliy toifali o‘qituvchilar ulushi 9,8 foizdan 12,2 foizga, birinchi toifalilar 18,3 foizdan 21 foizga, ikkinchi toifalilar 24,3 foizdan 26 foizga yetkaziladi. Shuningdek, inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan umumta’lim maktablari soni 104 tadan 150 taga oshiriladi, har bir tuman va shaharda bittadan “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, yangi baholash tizimiga o‘tgan maktablar soni 117 tadan 200 taga yetkaziladi.
To‘rtinchi “Ustozlar milliy forumi”ning yakunida o‘tgan o‘quv yilida yutuqlarga erishgan bir qator pedagoglar viloyat hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
- 2024-2025 o‘quv yili bizning maktab uchun juda omadli keldi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar 11-ixtisoslashtirilgan maktab direktori Ozoda Salimova. – O‘quv yili davomida uchta respublika tanlovida o‘quvchilarimiz faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 91 nafar bitiruvchimizning 14 nafari oltin medal bilan tamomladi, 31 nafari kasbiy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishga hujjat topshirgan 71 nafar o‘quvchidan 45 nafari talaba bo‘ldi. Bugungi forumdan yanada ruhlandim va bundan-da katta marralarni qo‘lga kiritishni maqsad qildim.
Xurshida ERNAZAROVA.