Bugundan muddatli harbiy xizmatchilar uchun test sinovlari boshlanadi

Bugun, 26 yanvardan respublika Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga harbiy tavsiyanoma berish bo‘yicha test sinovlari boshlanadi.

Test sinovlari “Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida tashkil etilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har bir harbiy qismning o‘zida o‘tkaziladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta bo‘lib, ularning 40 tasi – jangovar tayyorgarlik, 20 tasi – ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi – matematika, 10 tasi – fizika fani bo‘yicha test savollaridan, shuningdek, qolgan 20 tasi mantiqiy test savollaridan iborat bo‘ladi.

Beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatida bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi kerak.

Agar bir nechta harbiy xizmatchi teng miqdorda ball to‘plashi natijasida 40 foizli cheklovga amal qilishning imkoni bo‘lmasa, ballarning pasayib borish tartibi bo‘yicha cheklov doirasiga kirishi lozim bo‘lgan oxirgi muddatli harbiy xizmatchi bilan teng miqdorda ball to‘plagan harbiy xizmatchilarning barchasiga tavsiyanoma berilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar quyidagilarga:

- respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;

- respublikaning oliy ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

Test sinovlari fevral oyi yakuniga qadar davom etadi.

Vohid Sirliboyev,

Davlat test markazi Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i.