Bugundan Samarqandda karantin cheklovlari yumshatildi. Qanday faoliyat turlariga ruxsat berildi?

Samarqand viloyati epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi tomonidan karantin qoidalari yumshatilib, 12 avgustdan bir qator cheklovlar olib tashlandi.

Bugundan ayrim faoliyat turlariga ruxsat berildi.

Jumladan, avtotransport vositalari soat 06:00 dan 23:00 ga qadar maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishi mumkin.

Umumiy ovqatlanish ob’yektlari banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazmagan holda soat 8:00 dan 20:00 ga qadar faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo do‘konlari va zargarlik do‘konlari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari, mehmonxonalar (xostellar va mehmon uylaridan tashqari), ochiq sun’iy qoplamali sport o‘yingohlari, sport seksiyalari, to‘garaklar, sport zallari va fitnes klublar faoliyatiga ruxsat berildi.

Ta’lim markazlari, to‘garaklar o‘n kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, mashg‘ulot olib borishlari mumkin.

Viloyatdagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham 12 avgustdan bolalarni qabul qilsa bo‘ladi.

Ushbu faoliyatlarni amalga oshirishda belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi qayd etilgan.