Bugungi harakat ertaning barakasini belgilaydi

Bahor bahorligini qildi – kutilmaganda qor yog‘di, bir necha kun yomg‘irli bo‘ldi. Bu ham zaminga baraka. Dehqonchilik uchun, chorva uchun kerak edi. Kechadan esa yana quyoshli kunlar boshlanib, nafaqat jumlai jahonni, balki ko‘ngillarni ham ilitdi.
Bundayin iliqlik, tabiatda g‘uborlarning yuvilishi har qanday kishi ko‘ngliga taskin, ertangi kunga umid beradi, insonning g‘ayrat-shijoatini jo‘sh urdiradi. Ayniqsa, bugungi karantin paytida bu hislarning qanchalik qadrli, ahamiyatli ekanligini har bir inson ko‘nglidan o‘tkazayotgan bo‘lsa, ajabmas.
Shaxsan men, ulug‘ yoshda bo‘lsam ham hovliga chiqib, nabiralarimni yonimga olib, nimadir yumushni bajarishga intilyapman, shu orqali ularga namuna bo‘lyapman. Men kabi minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun tomorqasida mehnat qilmoqda, yerdan o‘z rizqini topishga intilmoqda.
Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Davlatimiz karantin pandemiyasi davrida aholining kundalik oziq-ovqatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Shu bilan birga mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqib ketishining oldini olishga e’tibor qaratmoqda, tadbirkorlar, sanoat korxonalariga imtiyoz va yengilliklar beryapti. Hatto, tomorqasida ekin-tikin qilaman, degan odamlar uchun ham davlat imkoniyat yaratyapti. Siz-u bizdan talab qilinadigani – kaftdek, yerimizdan maqsadli foydalanish, avvalo, ro‘zg‘orimiz uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish. Agar omilkorlik bilan ish tutib, tomorqadan million-million so‘m daromad qilsak ham bosh ustiga, buning uchun ham imkoniyatimiz bor.
Biz Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi qiyinchiliklarni, hayot mashaqqatlarini ko‘rganmiz. O‘shanda ham xalqimiz og‘ir sinovlarni boshidan kechirgan, tinimsiz mehnat qilgan, tun-u kun ishlagan. Ammo o‘zi g‘alla yetishtirsa-da, meva-sabzavot yoki poliz ekinlari parvarishlasa-da uyiga bir qop don yoki ikki kilo kartoshka, piyoz olib keta olmagan. Hammasi xo‘jalik omboriga topshirilgan. Bugun esa vaziyat o‘zgacha. Yerga mehr berib, rizq manbai deb qaragan odam ham o‘z oilasi, ham bozor to‘kinligini ta’minlamoqda. Ozgina tomorqasidan katta-katta daromad qilyapti. Albatta, buning qadriga yetish kerak.
To‘g‘ri, bugun davlatimiz, saxovatli xalqimiz ehtiyojmand oilalarni imkon qadar qo‘llab-quvvatlamoqda, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilyapti. Lekin qo‘ldan berganga qush to‘ymas, degan gap ham bor-da. Yaxshi, to‘kin yashash uchun avvalo, har bir insonning o‘zi harakat qilishi, mehnat bilan band bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Peshona teri evaziga topilgan nonning mazasi ham, barakasi ham boshqacha bo‘ladi.
Nasib etsa, bu sinovli kunlar tez orada ortda qoladi, xalqimiz yana to‘kin hayot kechirishi, barcha sohada ish davom etishi zarur. Oldimizga qo‘ygan katta marralarni egallash uchun bugun har birimiz uyda turib bo‘lsa-da o‘zimiz, yurtimizning ertasi uchun harakat qilishimiz lozim.
Hasan NORMURODOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
O‘zbekiston Qahramoni.