Bulung‘ur tumani iqtisodiyotiga pandemiya salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda

Bulung‘ur tumani hokimi B.Bahromov ishtirokida onlayn-brifing bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, COVID-19 virusi yuqtirgan bo‘lishi mumkin, degan shubha bilan tumanda 458 nafar fuqarolar tibbiy kuzatuvga olingan bo‘lsa, ularning 416 nafari tibbiyot birlashmasi xulosasiga ko‘ra, kuzatuvdan chiqarilgan. Tuman bo‘yicha 34 xonadondan 42 nafar fuqaro karantin kuzatuvida qolmoqda. Uy sharoitida karantin kuzatuviga olingan fuqarolarni nazorat qilish maqsadida tibbiyot xodimlari bilan birgalikda 21 nafar IIB hodimlari jalb etilgan.

Olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan karantin qoidalarini buzgan 1 678 nafar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida kodeksining 54-moddasiga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shundan, 7 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa, 1 671 nafar fuqarolarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima tayinlangan.

Karantin sharoitida aholi orasida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi kelib chiqishining oldini olish maqsadida 100 dan ortiq arzonlashtirilgan ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etilgan. Shuningdek, 1 ta ko‘chma dorixona doimiy faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, tuman markazidagi 12 ta dorixona tomonidan yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Aholining un va un mahsulotlariga talabini qondirish maqsadida 24 ta tadbirkor tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan olingan un mahsulotlari mahalla markazlariga yetkazib berish amaliyoti joriy etilgan.

Karantin davrida iqtisodiy qiyin sharoitda qolgan 106 nafar oilaga homiylar hisobidan 1 million so‘mdan pul mablag‘lari, 2000 ta oilaga 2 martadan 13 turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va xo‘jalik buyumlari yetkazib berilgan. Bugungi kunga qadar kambag‘al oilalarning 1975 nafar a’zosining bandligi ta’minlangan. Jumladan, ulardan 1198 nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashirilgan bo‘lsa, 107 nafar fuqarolarga ijaraga yer berilgan, 664 nafarining jamoat ishlariga jalb etish orqali bandligi ta’minlangan. Iyun oyida 616 nafar ishsiz fuqarolar jamoat ishlariga jalb etilgan.

Aholining bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar doirasida 231 ta loyiha uchun 7 milliard 181 million so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.

Tumanda bo‘sh turgan ob’yektlar negizida 24 ta investitsiya loyihalari uchun 7 milliard 700 million so‘mlik investitsiya majburiyatlari amalga oshirilib, 78 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmati.