Bulung‘ur tumanidagi mahallalardan birining raisi firibgarlik jinoyatini sodir qilgan vaqtda ushlangan
Bu haqda viloyat prokuraturasining telegram kanalida ma’lum qilingan.
Qayd qilinishicha, mahalla raisi D.M. ga kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan uylarga ehtiyojmand fuqaro sifatida “Ayollar daftari” (temir daftar)ga ro‘yxatga olish va tegishli tavsiyanoma berib, tuman hokimligida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali uy olib berish evaziga 500 AQSh dollarini berishi kerakligini aytgan. U bu harakati bilan fuqaroni mansabdor shaxsga pora berishga qiziqtirib, dalolat qilgan.
D.M.ning arizasi bo‘yicha joriy yil 10 mart kuni DXX Toyloq tumani bo‘limi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida mahalla raisi Bulung‘ur tumani IIBning ma’muriy binosi oldida D.M.dan 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Kecha, 15 mart kuni viloyat prokurori Ravshan Masharipov boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining sayyor tartibdagi yig‘ilishida mahalla, jamoatchilik va komissiya a’zolari ishtirokida mazkur jinoyat muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.