Bulung‘urda o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun har oyda 50 million so‘m ajratiladi

Tuman hokimi Bahodir Bahromov bunday xayrli ishga tayyor ekanini tumanda bo‘lib o‘tgan “Ta’lim sohasidagi muammolar va ularning yechimi” mavzusidagi tadbirda bildirgan.
Tuman hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, viloyat va tuman xalq ta’limi idoralari mas’ul xodimlari, maktab direktorlari, o‘qituvchilar ishtirok etgan ushbu tadbirda ta’lim tizimidagi muammolar, ularni ijobiy hal etish haqida gap bordi. Bu borada muallimlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.
Jumladan, maktablarda elektron doskalardan keng foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, bitiruvchi yoshlar uchun tadbirkorlar, siyosatchilar, o‘z sohasida yutuqlarga erishgan, hayotda o‘z o‘rnini topgan tajribali shaxslar ishtirokida master-klasslar o‘tkazish, o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashlari uchun ruhlantirish, shu maqsadda tuman miqyosida fanlar kesimida bellashuvlar tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Bu takliflar tuman hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Muhimi, bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish uchun har oyda 50 million so‘mdan mablag‘ ajratib berilishini ma’lum qildi.