Bulung‘urdagi madaniy meros ob’yektlari turizm maskanlariga aylanadi
Yurtimizda madaniy meros ob’yektlariga berilayotgan alohida e’tibordan asosiy maqsad ularni asrab-avaylash, bekamu ko‘st kelajak avlodga yetkazishdan iborat. Shu bilan birga bunday tarixiy manzilgohlar bugungi kunda sayyohlarni jalb qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababdan ushbu ziyoratgohlar, tarixiy ahamiyatga ega binolarni restavratsiya qilish ishlari jadal yo‘lga qo‘yilyapti.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi hamda Bulung‘ur tumani hokimligi hamkorligida tumandagi madaniy meros ob’yektlarining bugungi ahvoli o‘rganilganda ayni shu jihatlarga e’tibor qaratildi. O‘rganishlar davomida viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Botir Shaymatov, Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov, madaniy meros ob’yektlarini asrash va turizm hududlarini loyihalashtirish institutining tarixiy obidalar bo‘yicha bosh arxitektori Mamatqul Xoliqulov tumanda mavjud 19 arxeologik, 6 ta arxitektura madaniy meros ob’yektlarini saqlash, ta’mirlash va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borib, tegishli chora-tadbirlarni belgilab olish haqida so‘z yuritdilar.
- Xususan, Bulung‘ur mahallasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan XIX-XX asrlarga oid, ilgari xristian cherkovi, keyinchalik “Barkamol avlod” bolalar markazi sifatida foydalanilgan bino ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, - deydi M.Xoliqulov. - Binoni 2024 yilga mo‘ljallangan me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash bo‘yicha davlat dasturiga kiritishni maqsad qilganmiz. Ushbu binodan kelajakda muzey sifatida foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, tumanda yuz yildirki saqlanib kelinayotgan eski quduqlar holati ham o‘rganildi.
O‘rganish davomida mutasaddilar “Sheroz qal’a” madaniy yodgorligini tumanning eng diqqatga sazovor joylari toifasiga kiritish, maskanni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirib, sayyohlar kelishi uchun kerakli barcha sharoitlarni yaratish masalalarini ham muhokama qilishdi.