Bulung‘urdagi tibbiyot muassasalarida ahvol qanday?
Tumanning chekka hududlarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat faoliyati bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan press-tur mazkur savolga javob berishdan boshlandi.
Dastlab tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov muassasalar haqida ma’lumot berdi.
- Tumanda 305 o‘rinli markaziy shifoxona, 300 qatnovli 3 ta oilaviy poliklinika, 400 qatnovli oilaviy shifokor punkti hamda 15 o‘rinli reabilitatsiya bo‘limi aholiga xizmat qilyapti, - deydi V.Xudoyqulov. - Ularda 241 nafar shifokor, 915 nafar hamshira, 239 nafar kichik tibbiy va 116 nafar boshqa xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Muassasalarimizda bemorlar davolanishi uchun qulay sharoit yaratilgan.
Shundan so‘ng, jurnalistlar tumandan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan "Xo‘jamazgil" mahallasidagi 44-son poliklinikada bo‘ldi.
- Mahallada 4565 nafar aholiga 30 nafar tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatmoqda, - deydi poliklinika tez tibbiy yordam shifokori Xayrulla Isoqov. – Poliklinikamizda alohida tez tibbiy yordam shoxobchasi bo‘lib, unda 7 nafar navbatchi shifokor, 6 nafar navbatchi hamshira ishlayapti. Oldin mahallamizda tez tibbiy yordam dorilari yetishmasdi. Endi esa aholiga dorilar bepul tarqatilyapti. Yaqinda yangi tez tibbiy yordam mashinasi ham berildi. Hozir eng uzoq mahallaga 12 daqiqada yetib boryapmiz.
Press-tur davomida ishtirokchilar ushbu mahalla hududidagi Farmontepa qishlog‘idagi Murodulla Sayfiyev xonadonida bo‘lib, bemor otaxonga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam jarayonini kuzatdi.
- Yoshim 75 da, ikkinchi guruh nogironiman, - deydi M.Sayfiyev. – Xudoga shukr, shifokorlar har kuni uyimga kelyapti, ko‘zim uchun muolajalarni vaqtida olyapman. Kerakli dori-darmonlar ham olib berildi. Hozir ko‘zimdagi og‘riqlar ancha yo‘qoldi.