Bulung‘urlik Suhrob AQShning Florida universitetida o‘qiyapti
U viloyatdagi tengdoshlari bilan nimalarni o‘rtoqlashdi?
Samarqand shahrida xalqaro ijodkor yoshlar forumi (Creative youth forum) bo‘lib o‘tdi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) va “Samarkand Innovative centre” nodavlat ta’lim muassassasi hamkorligida ilk marta tashkil etilgan forumda SIUT, John Hopkins, Cornell University, Hong Kong University, Bates College, University of South Florida, New York University, Oxford University hamda dunyoning yana bir qator nufuzli oliygohlari professor-o‘qituvchi va talabalari, xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.
- Ijodkor yoshlar forumi o‘zbekistonlik yoshlarni STEM ta’limi (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) doirasida o‘z qiziqishlariga ko‘ra, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishlari uchun tashkil etildi, - deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anvar Sayfullayev. – Forumda akademik va ilmiy sohalardagi yetakchi mutaxassislar, xususan, dunyoning eng nufuzli universitetlaridagi yosh olimlar bilan yaqindan tanishish, ular bilan fikr almashish hamda kelajakda ularning O‘zbekistonda jahon darajasidagi STEM ta’limini rivojlantirishga hissa qo‘shishlari uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan.
Tadbirda akademiklar, ekspertlar, olimlar, ilm-fan va texnologiya sohasining yetuk namoyandalari hamda ixtirochi va ijodkor talabalar biotexnologiya, sun’iy intellekt, kompyuter fanlari, qayta tiklanadigan energiya manbalari, raqamli iqtisodiyot, issiqlik energetikasi, tibbiyot, matematika sohasiga doir, shuningdek, STEM ta’limiga oid mavzularni muhokama qildi, tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Hozirgi kunda yurtimizda xorijiy tillarni o‘rganish uchun yaratilayotgan sharoit yoshlarga jahon adozalariga ega ta’lim dasturlari bilan tanishish va jahon bozorida o‘z brendini yaratishga imkon yaratmoqda, - deydi ta’lim standartlari YuNESKOning AQShdagi Klublar assotsiatsiyasi tomonidan tan olingan, Markaziy Osiyodagi yagona ta’lim muassassasi bo‘lgan Innovative centre nodavlat ta’lim muassasasi direktori Muhammadxon Soliyev. – Xususan, 2018 yilda Samarqandda birinchi marta IELTS imtihonini tashkil etganimizdan buyon viloyatdan 12 ming nafar yoshlar imtihon topshirdi. Shundan ming nafardan ziyodi IELTS imtihonidan yuqori ball to‘plab, jahonning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirdi. Mana, bugun ijodkor yoshlar forumida ular ham ishtirok etib, STEM ta’limi, ya’ni fan, texnologiya, meditsina, muhandislik va matematika sohasida dunyoning yetuk mutaxassislari va iqtidorli yoshlari qatorida o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi va qo‘shma startap loyihalar yaratishga kelishib olindi.
Bulung‘urlik Suhrob Murodov O‘zbekistonda birinchi bo‘lib S2 sertifikatiga ega bo‘lgan. Bu IELTS’da eng yuqori 9 ball degani. U 19 yoshida IELTS imtihonidan maksimal ballni qo‘lga kiritgan eng yosh o‘zbekistonlikka ham aylangan. Ayni paytda Suhrob AQShning Florida universitetida uchinchi bosqich talabasi. Ijodkor yoshlar forumida u ham o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi.
- Forumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik injiniring loyihalariga qanday qilib investitsiya olib kirish bo‘yicha taqdimot qildim, - deydi Suhrob. – Takliflarim mutaxassislarga manzur bo‘ldi va uni amalda qo‘llash mumkinligini bildirishganidan xursandman. Ammo loyihalarim hali to‘liq yakunlanmagan. Hozirda o‘qish bilan birga, AQShdagi korxonalarda ayni shu sohada amaliyot o‘tayapman. Nasib qilsa, ishlarimni to‘liq yakunlab, O‘zbekistonga katta biznes-rejalar bilan qaytaman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.