Bulung‘urlik tadbirkor qurut tayyorlash uskunasini ixtiro qildi

Bulung‘ur tumani Navbahor mahallasida suzmadan qurut tayyorlab sotadigan ishbilarmonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo ular orasida o‘z ishining ustasi bo‘lgan, uddaburon tadbirkor Bekzod Ma’mirov alohida ajralib turadi.

Ilgari tadbirkor xonadonida kuniga 400-500 kilogramm qurut tayyorlash uchun 8 kishi jalb qilingan bo‘lsa, maxsus sex tashkil qilingach, bu ishni ikki nafar ayol eplayapti. Ahamiyatlisi, bu yerda bir kunda o‘rtacha ikki tonnagacha mahsulot tayyorlanyapti.

15 yildan beri qurutchilik bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi tadbirkor. – Bolaligimda bobom va momom kaftlari bilan qurut yumaloqlardi va oftobda quritib, bozorga olib chiqardi. Keyingi yillarda oyna yordamida qurut tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Ammo, buning uchun ham ko‘p mehnat talab qilinardi. Shu ishni texnika yordamida qilish mumkinligini o‘yladim, uskuna yaratish ustida bosh qotirdim. 10 yillik izlanishlarim va harakatim natijasida maqsadimga erishdim.

Ha, qurut tayyorlash uskunasi ixtiro qilingach, qiyinchiliklar ortda qoldi. Tayyorlanayotgan mahsulot hajmi va sifati yaxshilandi.
- Mahsulotlarimizning asosiy qismi ichki bozorga sotiladi, - deydi B.Ma’mirov. - Xususan, buyurtmachilarimizning aksariyati vodiy viloyatlaridan. Ikki yildan beri Qirg‘izistonga ham sotyapmiz.
Ayni paytda tadbirkor ixtiro qilingan uskuna uchun patent olish harakatida. Buning uchun unga viloyat hokimligi mas’ullari yaqindan ko‘mak berishni va’da qilishgan.

To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov,
Jasurbek Shukurov.