Buxoroda er-xotin yuk mashinasi urib yuborishi oqibatida vafot etdi

Buxoroda 24 noyabr, yakshanba kuni soat taxminan 11:30 da yuk mashinasi ikki kishini urib yubordi, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Ma’lum bo‘lishicha, 24 yoshli O.A. “Isuzu” rusumli yuk mashinasida Buxoro shahar Do‘stlik ko‘chasidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 218-kilometridan Gazlishoh ko‘chasidagi aylanma yo‘l tomonga harakatlanib, piyodalar o‘tish joyidan harakat yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga kesib o‘tayotgan piyodalar - 51 yoshli T.B. va uning turmush o‘rtog‘i 49 yoshli Yu.Yo.ni avtomashinaning old tomoni bilan urib yuborgan.

Oqibatda T.B. hodisa joyida va Yu.Yo. esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan 24 noyabr kuni Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro O.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.