Buyuk Britaniya SSV koronavirusning ortiqcha vaznli odamlarga salbiy ta’siri haqida ma’lum qildi
Semizlik COVID-19 ga chalingan bemorlarning salomatligi yomonlashishi va vafot etish xavfini oshiradi. Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu xulosaga keldi. Shu munosabat bilan mamlakat Bosh vaziri Boris Jonson hamyurtlarini ozishga harakat qilishga chaqirdi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
“Vazn tashlash – bu COVID-19 xavfidan himoyalanishning bir usuli. Umuman olganda, bu salomatligimizni yaxshilaydi”, deb ta’kidladi Jonson jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda. Shu bilan birga, uning o‘zi ham sog‘lom vaznga erishishga harakat qilayotganini ta’kidladi.
Public Health England davlat agentligi mutaxassislarining fikriga ko‘ra, tana vazni indeksi (BMI) 25 dan 29,9 gacha bo‘lgan odamlar, ya’ni semiz odamlarda koronavirusning og‘ir asoratlari kuzatilishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. BMI 30 dan 35 gacha bo‘lgan odamlarda esa o‘lim holati qayd etilish ehtimoli ozg‘in odamlarga nisbatan 40 foizga ko‘proq kuzatiladi.
BMI 40 dan yuqori bo‘lgan bemorlarning koronavirusdan vafot etish xavfi ikki barobar yuqori. Shifokorlar tana vazni indeksi 25 dan yuqori bo‘lgan barchani ozishga, tana vazni indeksi 25 dan kam bo‘lgan barcha fuqarolarni esa semirib ketishdan saqlanishga chaqirdi.