Sun’iy yo‘l to‘siqlari: Xavfsizlik ortidagi yashirin zarar

Keyingi yillarda ayrim ko‘chalarda sun’iy yo‘l to‘siqlari o‘rnatilganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. To‘g‘ri, bu yo‘l to‘siqlari xavfsizlik chorasi sifatida qabul qilinadi, ammo ularning ekologik va shahar muhitiga zarari ko‘pchilikka ma’lum emas.

Aslida piyodalarni himoya qilish maqsadida o‘rnatilgan bunday to‘siqlar shaharlarda hayot sifatini pasaytiradi, tirbandlikni kuchaytiradi va atrof-muhitga jiddiy zarar keltiradi.

Keling, buni ko‘rib chiqaylik. Sun’iy yo‘l to‘siqlarining asosiy ekologik muammosi avtomobillarni majburiy ravishda sekinlashtirish va tezlashtirishga olib kelishida. Har bir to‘xtashdan keyingi qayta tezlashtirish yoqilg‘i sarfining ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa karbonad angidrid, azot oksidlari, uglevodorodlar hamda PM2.5 va PM10 kabi mayda qattiq zarralarning ko‘payishiga olib keladi. Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yo‘l to‘siqlari ko‘p bo‘lgan uchastkalarda havoga chiqadigan zararli moddalar barqaror tezlikda harakatlanadigan joylarga nisbatan 60–90 foizga ko‘proq.

Yirik shaharlarda bu holat yanada keskin namoyon bo‘ladi. Masalan, Samarqandda ro‘yxatdan o‘tgan mashinalar soni 500 mingdan oshgan bo‘lsa, har kuni yana 400–500 ming avtomobil tranzit tarzda shahar orqali o‘tadi. Toshkentda esa 800 mingdan ziyod avtomobilga har kuni 300–400 ming mashina qo‘shiladi. Yo‘l tarmog‘i bunday yuklamaga allaqachon dosh berib kelayotgan sharoitda, sun’iy yo‘l to‘siqlari harakatni yanada sekinlashtirib, tirbandlik va ekologik bosimni kuchaytiradi.

Sir emas, yoqilg‘i sarfi tashuvchilar uchun ham, atrof-muhit uchun ham asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Masalan, barqaror 70 km/soat tezlikda harakatlanayotgan mashina 100 kilometr yo‘lga 10 litr yoqilg‘i sarflasa, sun’iy to‘siqlar bilan to‘lgan yo‘llarda bu miqdor bir necha barobar ortib ketadi. Oddiy sharoitda 50 litr yoqilg‘i bilan 500 kilometr yura oladigan avtomobil to‘siqlar ko‘p bo‘lgan katta mahallada 300 kilometr ham bosib o‘tolmasligi mumkin. Demak, yo‘l vaqti uzayadi, harakat samaradorligi pasayadi va yoqilg‘i sarfi deyarli ikki barobargacha ko‘payishi mumkin.

Benzinda ishlaydigan avtomobillar havoga 78 foiz, dizel 20 foiz, metan 22 foiz, propan-butan 57 foiz chiqindi chiqarishi hisobga olinsa, yoqilg‘ining ko‘p sarflanishi chiqindilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘payishi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Sun’iy to‘siqlar esa aynan shu ortiqcha sarfning asosiy sabablaridan biriga aylanadi.

Bundan tashqari, yo‘l to‘siqlari avtomobilning mexanik qismlariga ham jiddiy zarar yetkazadi. Rul tizimi, amortizatorlar, tormozlar va shinalar majburiy ravishda ko‘proq yuklama oladi, sifatsiz va noto‘g‘ri o‘rnatilgan to‘siqlar esa mashinaning tez eskirishiga sabab bo‘ladi. Avtoqismlarning tez-tez almashtirilishi esa yana bir ekologik muammoni keltirib chiqaradi — ularni ishlab chiqarish va utilizatsiya qilish katta energiya va resurs talab qiladi.

Sun’iy yo‘l to‘siqlarining yana bir jiddiy oqibati — maxsus xizmat mashinalarining harakatiga xalal berishi. Shoshilinch yordam, yong‘in xavfsizligi yoki tezkor xizmatlar har bir to‘siqda qimmatli daqiqalarni yo‘qotadi. Bu esa inson hayotiga daxl qiladigan vaziyatlarda o‘ta salbiy natijalarga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi muammolarni inobatga olgan holda, tegishli idoralarga bir necha marotaba taklif va murojaatlar yuborilgan. Natijada noqonuniy o‘rnatilgan to‘siqlarni olib tashlash va yo‘l qoplamasini tekislash haqida qarorlar qabul qilingan. Buxoro va Navoiyda bu ishlar amalga oshirila boshlagan bo‘lsa-da, Samarqandda jarayon hali boshlanmagan. Shu bois asosiy savol — to‘siqlarni kim olib tashlashi, yo‘lni kim tiklashi va bu xarajatlarni kim qoplashi lozimligi hali ochiq qolmoqda. Eng to‘g‘ri yo‘l — to‘siqlarni noqonuniy o‘rnatgan shaxs yoki tashkilotning o‘zi ularni olib tashlash va yo‘lni tiklash xarajatini qoplashi kerak.

Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, zamonaviy shaharlar sun’iy to‘siqlardan voz kechib, xavfsizlikni ta’minlashning ekologik va qulay usullarini tanlamoqda. Masalan, ko‘tarilgan piyodalar yo‘laklari, yo‘lni vizual jihatdan toraytirish, xavfsizlik orollari, rangli belgilar va tezlikni kameralar orqali nazorat qilish bunga misol. Bu yechimlarda haydovchi ko‘proq tormozlashga majbur bo‘lmaydi, lekin tezlik nazorat ostida bo‘ladi.

To‘raxon Hoshimov,

ekolog-ekspert.