Buzilgan do‘kon uchun ajratilgan yer tadbirkorda qoldi

Dushanba - tadbirkorlar kuni munosabati bilan Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimi E.Turdimovning tor doirada tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Hafta boshida faoliyatga to‘siq bo‘layotgan turli masalalar yuzasidan 22 nafar tadbirkorlik sub’yekti murojaat qilgan bo‘lsa, qabulgacha aksariyat masalalarga tegishli mutasaddilar tomonidan yechim topildi.

Bugun o‘tkazilgan qabulda esa yer ajratish va bajarilgan xizmatlarni moliyalashtirishning kechikayotganligi yuzasidan uch nafar tadbirkor murojaat qildi. Jumladan, Jomboy tumani Shodlik mahallasida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Aktam Mahmudov «Jomboy dehqon bozori» hududidagi ikkita savdo do‘koni buzilishga tushgach, tuman hokimining 2018 yil 23 oktyabrdagi qarori bilan tadbirkorga do‘kon qurish uchun yer ajratilganini, ammo qurilish ishlari yakuniga yetmasdan qaror bekor qilinishi to‘g‘risida unga ogohlantirish xati berilgani, bu borada ko‘mak zarurligini so‘radi.

- Bozor rekonstruksiyasi tufayli do‘konlarimiz buzilgach, bizga boshqa joydan yer berildi, - deydi A.Mahmudov. - Bunga rozi bo‘ldik. Ammo ko‘p o‘tmasdan qaror bekor qilinishini aytishdi. Shu masala yuzasidan tuman hokimligiga bir necha marotaba murojaat qilib, muammoga yechim topolmadik. Shu bois bugun viloyat hokimiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Viloyat hokimi murojaatimni o‘rganib chiqib, masalaga ijobiy yechim topdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.