Murojaatlarning 16 tasi uchrashuvgacha hal etildi

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov navbatdagi tadbirkorlar qabulini o‘tkazdi.

Uchrashuvda qatnashish uchun Samarqand shahri va 7 ta tumandan, 28 nafar tadbirkor bo‘sh turgan bino olish, qurilishga ruxsat berish, bino buzilishini to‘xtatish, yer ajratish, issiqxonani tabiiy gaz bilan ta’minlash, bo‘sh turgan binoni “E IJRO” elektron auksionga qo‘yish, ko‘rsatilgan xizmatlar haqini undirish, kredit olishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qilingandi. Murojaatlarning 16 tasi uchrashuvga qadar tegishli idoralarga yetkazilib, tadbirkorlarning muammosi hal etildi. 

Bevosita qabulda esa masalasiga ijobiy yechim topilmagan 12 nafar tadbirkor qatnashdi. Ularning murojaatlari tahlil qilinganda aksariyati hokimlik qarorlari, yer ajratishdagi muammolar va qurilish ishlari, bank muassasalarida kredit ajratilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yish holatlari bilan bog‘liq ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Samarqand shahridan “AZIM TRAVEL SERVICE” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shahlo Azimova 1 million dollar miqdorida investitsiya kiritish va zamonaviy mehmonxona qurish maqsadida Xo‘ja Ahrori Valiy ko‘chasi 157-uyda joylashgan sobiq 47-maktab va sobiq 151-mehribonlik uyining hozirda bo‘sh turgan yer maydonini belgilangan tartibda “E IJRO” elektron auksionga tezroq qo‘yilishini so‘rab murojaat qildi. Ushbu bino tez kunlarda tegishli tartibda auksionga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Viloyat hokimi har bir murojaat ijrosi yuzasidan tegishli tashkilot va rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.