Oltita murojaat hal etilmay qoldi. Nega?
Viloyat hokimi E.Turdimov shu yilning 18 iyuliga qadar 53 marotaba tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mazkur qabullarda 1695 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan turli muammoli masalalar bildirishib, ularning 1203 tasi (71 foizi) ijobiy hal etildi. 339 tasiga (20 foizi) tushuntirish, 153 tasiga (9 foizi) rad javobi berildi.
Viloyat hokimi shu yilning 5 iyul kuni samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashib, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bu boradagi muammo va takliflar yuzasidan ham fikr almashgan edi. Uchrashuvda besh yuzdan ortiq tadbirkor ishtirok etib, murojaatlar ijrosi bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan edi. Belgilangan muddat o‘tganiga qaramasdan Samarqand shahridan 2 ta, Samarqand tumanidan 1 ta, Qo‘shrabot tumanidan 2 ta, Bulung‘ur tumanidan 1 ta murojaat ijrosi hamon ochiqligicha qolmoqda.
Masalan, Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Nilufar Ergasheva («Samarqand renessans» MChJ) turistik xizmat ko‘rsatish (tur firma) faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Korxona xizmat ko‘rsatishni eksport qiluvchi hisoblanib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan. Tadbirkor «ASIA Samarkand» mehmonxonasiga shartnoma asosida jo‘natilgan xorijiy mehmonlarga mehmonxona tomonidan noqonuniy ЈЈS hisoblangani, ushbu masalani qonuniy ko‘rib chiqilishida amaliy yordam so‘ragan edi. Bu vazifa viloyat adliya va viloyat davlat soliq boshqarmalari rahbarlariga topshirilgandi. Ammo bu muammo o‘z yechimini topmayapti. Ikkala yuridik shaxs o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarga aralashish soliq idoralari vakolatlari doirasiga kiritilmagan. Davlat soliq boshqarmasi tomonidan ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilish tushuntirilgan.
Samarqand shahar Darizanjir mahallasida yashovchi fuqaro Jamila Safarova «Ipak yo‘li» savdo majmuasi («Yangi bozor») hududida savdo do‘koni mavjud bo‘lib, ushbu do‘konning old qismida «Umar» savdo majmuasi qurilish qilib, temir-beton bilan to‘sib qo‘yganligini bildirgan. Bu murojaat hozirgacha qanoatlantirilmagan. Xuddi shuningdek, tadbirkor Firdavs Yunusovning masalasi ham hal etilmay kelmoqda. Tadbirkorga Samarqand tumani hokimligining 2017 yil 4 sentyabrdagi qaroriga asosan yog‘och yashiklar va mebel ishlab chiqarish sexi uchun 0,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Ammo viloyat prokurorining 2018 yil avgustdagi protestiga ko‘ra, tuman hokimining mazkur qarori bekor qilingan. Tadbirkor kompensatsiya tariqasida Samarqand shahar hududidan yer maydoni ajratilishi hamda mebel ishlab chiqarish binosi qurishni amalga oshirishda yordam so‘rab murojaat qilgandi.
Qo‘shrabot tumani «Qo‘shrabot uzumlari» fermer xo‘jaligiga uzumchilik uchun 5 gektar yer ajratilgan bo‘lib, 2018 yil iyun oyida tuman hududiy yer tuzuvchisi xodimi tomonidan mazkur yer maydoni noqonuniy ravishda ijara shartnomasi tuzilib, «Oqtepasoy jilosi» fermer xo‘jaligiga berilgan. Tadbirkor Sanobar To‘rayeva ushbu masalani qonuniy yo‘l bilan hal qilib berishda amaliy yordam so‘ragandi. Afsuski, bu murojaat ham o‘z yechimini topmagan.
Bulung‘ur tumanidan Behzod Yuldashev («Xurrambek» MChJ) O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida biohojatxona qurish uchun yer maydoni ajratish bo‘yicha joriy yilning fevral oyida Bulung‘ur tumani hokimligiga murojaat qilgani, kerakli hujjatlar rasmiylashtirilib hokimlikka taqdim etilgani, ammo ushbu masala hamon yechimini topmayotganini bildirgan edi. Qabulda bu masalani hal etish yuzasidan tuman hokimligi va mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilganiga qaramasdan ijro ado etilmay qolmoqda.
Bugun mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarning erkin va samarali ishlashi uchun sharoit yaratmay davlat taraqqiyotini tasavvur qilish qiyin. Shunday ekan, hokimliklar, mutasaddi rahbarlar tadbirkorlar murojaatlariga e’tiborli bo‘lishlari, ularga qulay ish sharoitlari yaratib berishga jiddiy yondashishlari talab etiladi.
Adham HAYITOV.