“Ushlab turilgan” ekskavatorni tadbirkorga berish masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi
Viloyat hokimi E.Turdimov savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida tadbirkorlarni qabul qildi.
Unda o‘ndan ortiq tadbirkor o‘z faoliyatini yuritish va kengaytirish uchun yer maydoni ajratish, bankdan kredit olish, faoliyatida uchrayotgan kamchilik va muammolar yuzasidan viloyat rahbariga murojaat qildi.
Jumladan, qabulda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Payshanba savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Allayor Xudoyberdiyev Koreya davlatidan shartnoma asosida ekskavator xarid qilgani, ammo texnikani TIF TN kodi xato kiritilgani bois jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirib, noto‘g‘ri ayblov qo‘yilayotganligi yuzasidan amaliy yordam so‘radi.
– O‘tgan yili jamiyatimiz uchun ekskavator xarid qilgandik, – deydi A.Xudoyberdiyev. – Texnika xaridi uchun Koreya davlatining “Yunus Ali trayd” korxonasi bilan rasmiy shartnoma tuzib, pul mablag‘larini ko‘chirdik. Shartnomaga ko‘ra, texnikalarimiz Samarqandga yetib kelgan. Ammo texnikamizning TIF TN kodi xato yozilganligi bois bojxonada ushlab qolindi. Ko‘plab ovoragarchilik va sarsongarchiliklarga uchradim. Men duch kelgan ushbu holat yuzasidan viloyat hokimi tegishli mutasaddilarga topshiriq berdi. Tez orada texnikalarimni olib faoliyatimni davom ettiraman.
Qabulda viloyat hokimi ko‘rilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgiladi. Aksariyat tadbirkorlarning yuqoridagi kabi chigal masalalarini joyida o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Baxtiyor MUSTANOV.