Byudjet daromadi asosi tadbirkorlikdan

Viloyat soliq, moliya, pensiya, g‘aznachilik va davlat moliyaviy nazorat boshqarmalari rahbarlari va hududiy bo‘linmalar xodimlari ishtirok etgan tadbir avvalida Moliya vazirligining hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari U.Tojiboyev, vazirlik mutaxassisi B.Artiqov, viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev 2018 yilgi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldilar.

Ta’kidlandiki, 2018 yil 1 yanvardan soliq va to‘lovlarning undirilishi bevosita mahalliy hokimiyat, moliya va soliq idoralarining faoliyati bilan bog‘liq. Bu bejiz emas. Chunki tadbirkorlardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i, bozorlardan tushadigan daromadlar va mahalliy yig‘imlar to‘lig‘icha mahalliy byudjetlar daromadiga tushadi. Demak, endi tumanlarning soliq bazasini kengaytirish uchun mahalliy hokimiyat, moliya va soliq organlari xodimlari faoliyatni samarali tashkil etishlari kerak.
Seminarda shu maqsadda joylarda tadbirkorlik, xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini oshirish hamda mahalliy byudjetga daromad tushishini ta’minlaydigan boshqa rezervlardan foydalanish borasida tavsiya va fikr-mulohazalar bildirildi.

Akram BO‘RIYeV.