Saylovga Respublika byudjetidan qancha mablag‘ sarflanadi?

Amaldagi tartibga muvofiq saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Joriy yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarga Respublika byudjetidan 230 milliard 549 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun hududiy okrug va uchastka saylov komissiyalariga 96 milliard 807 million so‘m mablag‘ sarflanadi.

Qayd etish lozimki, oldingi parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda faqatgina Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti uchun mablag‘ ajratilgan. Joriy yilda esa mahalliy kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ham saylovoldi tashviqoti davrida tenglikni ta’minlash maqsadida nomzodlarning barchasiga byudjetdan mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, saylov komissiyalarining qaroriga binoan komissiya a’zolari saylov jarayonlari vaqtida asosiy ish joyidagi ishlab chiqarish va xizmat vazifalaridan ozod etiladi. O‘z navbatida, saylov uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi.

Saylov jarayonlarida doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoki pensioner komissiya a’zolariga, pensionerlarga xarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablag‘lar doirasida o‘rtacha ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi.

Aziz BO‘RIBOYEV,

viloyat saylov komissiyasi kotibi.