Chala qolgan yo‘lning ta’miriga qachon mablag‘ ajratiladi?

Ishtixon tumani markazida ko‘cha va yo‘llarning ta’mirlash ishlari jadal sur’atlar bilan boshlangan edi. Biroq shu yil boshidan qurilish ishlari to‘xtab, markazning asosiy ko‘chasi kovlanganicha qolib ketdi.

Oqibatda odamlar bozor-o‘char qilish uchun loy va balchiqqa botgan holda mazkur ko‘chadan o‘tishga yoki ichki tor yo‘llardan aylanib kelishga majbur bo‘lyapti.

Sarsongarchilik qachongacha davom etadi? Ishtixonning yo‘llari qachon tartibga tushadi?

Qahramon Namozov,

Ishtixon tumani.

***

2020 yil noyabr oyida boshlangan Ishtixon tumani hududidan o‘tuvchi M-37 magistral yo‘lining tuman markaziga olib boruvchi qismidan 3 kilometrgacha bo‘lgan masofasi ta’mirlanishi rejalashtirilgan edi. 2021 yilning 1 sentyabriga qadar foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan yo‘lning ta’mirlash ishlari bosh pudratchi “Oqdaryo tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “Ishtixon tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi yordamchi pudratchi sifatida ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

Respublika yo‘l jamg‘armasining 20 milliard so‘m mablag‘i evaziga jami 2 ming metr lotok o‘rnatilib, 4 ming metr piyodalar yo‘lagi qurilish rejalashtirilgan. Shuningdek, chorrahalarni tartibga soluvchi 3 ta svetofor, 100 ta tungi yoritish chiroqlari hamda yo‘l belgilari o‘rnatiladi. Markaziy ko‘cha 15 metrgacha kengayib, yo‘l chetlari obodonlashtiriladi va yashil maydonchalar yaratish ko‘zda tutilgan.

Biroq yo‘lsozlar tomonidan hozirgacha bor-yo‘g‘i 8 milliard so‘mlik qurilish -ta’mirlash ishlari olib borildi. Yo‘lning 2,4 kilometriga rejadagi 3 qatlam o‘rniga 1 qatlam asfalt to‘shaldi. Ko‘chaning 1,8 kilometrgacha bo‘lgan qismining eni 8 metrga yetkazilib, 1500 metr lotok o‘rnatildi.

Yo‘lning qolgan qismini obodonlashtirish ishlari qolgan mablag‘, ya’ni rejadagi 12 milliard so‘m ajratilgach, davom ettiriladi.  

Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.