Chegarachilar uyli bo‘ldi
Vatan himoyachilari kuni oldidan Urgut tumani Vatkan-Qo‘zibek mahallasidagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism chegara qo‘riqlash bo‘linmasi harbiy xizmatchilari uchun 32 xonadondan iborat to‘rt qavatli xizmat uyini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Umumiy qiymati qariyb o‘n milliard so‘m bo‘lgan mazkur ko‘p qavatli uy viloyat mahalliy byudjeti mablag‘i hisobidan to‘qqiz oyda qurib bitkazildi. Xonadonlar ikki va uch xonadan iborat bo‘lib, harbiylar va ularning oila a’zolari uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
Samarqand viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari E.Turdimov, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov va viloyat sektor rahbarlari harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kalitlarini topshirar ekan, ularni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilgan kun bilan tabrikladi.
– Kasbimiz taqozosi tufayli turli hududlarda ishlashimizga to‘g‘ri keladi, – deydi Qobiljon Abduqahharov. – Bunday paytda oilamiz uchun turar joy masalasi eng muhim hisoblanadi. Bu borada bizga davlatimiz tomonidan bir qator imtiyoz va yengilliklar berilgan, bundan xursandmiz. Lekin xonadonimiz ish joyimizga yaqin bo‘lsa yana ham yaxshi. Bugun ana shunday imkoniyat yaratilib, yangi xizmat uyiga ko‘chib o‘tdik. Yangi uyimizning ilk mehmonlari viloyat rahbarlari bo‘ldi.
Mazkur hududda, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari mablag‘i hisobidan harbiy xizmatchilar uchun 7 ta bir qavatli uy-joylar ham qurilib, foydalanishga topshirildi.