Chekka bir qishloqning chekka uylari... muammolar girdobida
Qurilish - Past Darg‘om va Nurobod tumanlarining chegarasidagi Qoqsoy mahallasida joylashgan qishloq bo‘lib, 2700 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman markazi Juma shahridan 30 kilometr uzoqdagi qishloq odamlarining asosiy tirikchiligi - chorvachilik va dehqonchilik.
Yillar davomida zarur infratuzilmaga ega bo‘lmagan qishloqlar odamlari yo‘llarning tor va notekisligi, ta’lim, tibbiyot kabi ijtimoiy soha muassasalaridagi haminqadar sharoitlardan, elektr energiyasi va suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlardan, yo‘llarning qishda loy, yozda chang bo‘lishi oqibatida transport harakati cheklanishidan aziyat chekib, yashayotgan edi.
Keyingi yillarda mahallada odamlarning munosib turmush kechirishi uchun kerakli sharoit yaratilmoqda. Qurilish-obodonlashtirish ishlari mahalla qiyofasini o‘zgartirib, aholining necha yillik muammolarini hal qilmoqda.
Mahallamizga olib boruvchi yo‘lda yirik hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, - deydi Qoqsoy mahallasi raisi Saodat Jumanova. – Qariyb 7 kilometr masofadagi yo‘l asfalt qilindi. 11 ta ko‘chaning 7 tasiga tosh to‘kilib, 2 tasi asfalt bo‘ldi. Ko‘chalar va ariqlar, turarjoy binolari, ijtimoiy soha ob’yektlari atrofi tartibga keltirilib, obodonlashtirilmoqda. O‘tgan yili 95-umumta’lim maktabi uchun 185 o‘rinli qo‘shimcha bino barpo etildi. Aloqachilarning 2 ta mobil aloqa antennalari o‘rnatishi natijasida bu boradagi muammo ham hal etildi.
Biroq mahallada hali o‘z yechimini topmagan muammolar juda ko‘p. Jumladan, Qurilish qishlog‘ida ichimlik suvi muammosi oxirigacha hal bo‘lmagan. Deyarli har bir xonadonda artezian quduqlari bor. Markazlashgan ichimlik suvi qudug‘idan atrofdagi bir-ikkita xonadon va maktabga suv borarkan. 120 xonadonli Qurilish-3 qishlog‘ida ham markazlashgan ichimlik suvi yo‘q. 5,5 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortish zarur.
Maishiy gaz ballonlari kelmaganiga 52 kun bo‘ldi, - deydi opa. – Aholi har kuni kelib «Gaz ballon kelmadimi?» deb holi-jonimga quymaydi. Kuniga tuman gaz ta’minoti idorasiga qo‘ng‘iroq qilaman. «Erta boramiz, indin boramiz», deb javob berishadi. Oxirgi marta shu yilning 2 oktyabrida kelib tarqatilgan edi. Aholiga gaz ballonlari yetishmaydi.
Mahalla ahlining 280 nafardan ziyod bog‘cha yoshidagi farzandlari bor. Lekin, 2 ta xususiy bog‘chada bor-yo‘g‘i 50-60 ta bola qatnaydi. Mahalladagilar bir necha bor tuman va viloyat hokimligiga davlat-sheriklik asosida bog‘cha qurib berishlarini so‘rab, murojaat qilishgan bo‘lsa-da, hali javobi yo‘q.
Rejaga asosan, mahallaga 70 tonna ko‘mir ajratilgan ekan. Biroq endigina 4,5 tonnasi o‘z egalariga yetib borgan ekan. Nima uchun kamligini sababini so‘raganimizda, kelayotgan ko‘mirning maydalanib, kukunga aylanib qolayotganini aytishdi.
- Ochig‘i, bu ko‘mirni yoqishga qo‘rqamiz, nevaralar bor, - deydi 70 yoshli Roziya ona. – Mayda ko‘mir yaxshi yonmaydi, tutab ketadi. Is gazi juda xavfli bo‘ladi. Yoz oylarida ancha-muncha mahalliy yoqilg‘i - tezak va o‘tinni g‘amlab qo‘yganmiz. Qolaversa, ayrim tadbirkorlar mashinada ko‘chalarni aylanib Qozog‘iston ko‘mirini bir kilogrammini 1400-1500 so‘mdan sotib yuribdi. Shulardan olamiz, qimmatlikka qimmatku-ya, lekin nima qilaylik, ancha xavfsiz-da.
Qishloqda joylashgan 180 o‘rinli 95-umumta’lim maktabida ham ko‘pgina xayrli ishlarga ko‘zimiz tushdi. Ikki yil ilgari ta’lim muassasasining eski binolari o‘rniga zamonaviy isitish tizimiga ega bo‘lgan ikkita yangi binolar qurilibdi.
Maktabimizda hali qiladigan ish ko‘p, - deydi maktab direktori Muhayyo Musurmonova. – Yana bir eski bino o‘rnida sport va faollar zali, kattaroq kutubxona hamda oshxona qurish kerak. Har yili 450-500 ga yaqin turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazamiz, biroq to‘siq bilan o‘ralmaganligi sababli qishloq mollari kirib payhon qilib ketadi. Shuning uchun maktabimiz atrofini qariyb 480 metrlik to‘siq bilan o‘rashimiz kerak. Bularning hammasi mablag‘ bilan bog‘liq.
Shuningdek, mahallada qishloq vrachlik punkti yo‘q. Ishi tushganlar 10 kilometrlar chamasi uzoqdagi qo‘shni Guliston mahallasidagi qishloq vrachlik punkti filialiga borishar ekan. «Tez yordam» shoxobchasi ham shu filialda joylashgan.
- Zarur hollarda 5-10 daqiqada «Tez yordam» mashinasi yetib keladi,-deydi S.Jumanova. – Lekin 7-8 ming aholi yashaydigan hududga kamlik qiladi. O‘tgan yili mahallamizga homilador ayollar ko‘rigi va bolalarni emlash uchun jihozlangan vagon – mini poliklinika o‘rnatib, patronaj hamshira ajratishdi. 2-3 yil ilgari qishlog‘imizga respublika va viloyat shifoxonalari va tibbiyot markazlaridan tajribali shifokorlar kelib chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazishgan edi. Ko‘pchilikka ma’qul kelgan ana shunday ko‘riklarni o‘tkazib turishsa yaxshi bo‘lardi.
Mahallada 1398 nafar xotin-qiz yashaydi. Mahalla xotin-qizlar faoli Sh.Yozdonova ularning salomatligi, oilaviy va ijtimoiy ahvolidan xabar olib turadi.
- O‘tgan yili 48 nafar xotin-qiz «Ayollar daftari»ga kiritilgan edi, deydi Shoira Yozdonova. – Yetti nafar ayolga oilasi bilan dehqonchilik qilishi uchun 30 sotixdan yer ajratilib, artezian quduq qazib, suv chiqarishlari uchun imtiyozli kredit ajratib berdik. Uch nafariga issiqxonaga, 2 nafariga parrandachilik bilan shug‘ullanishlari uchun kredit mablag‘i berildi.
“Daftar”ga kiritilgan Gulchehra Ro‘ziyeva issiqxonada pomidor ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Joriy yil bahorda 500 ming to‘p ko‘chat yetishtirib, aholiga arzon narxlarda sotdi.
- Har yili bozordan ko‘chat olib kelib ekib dehqonchilik qilardik, - deydi G.Ro‘ziyeva. - Suv yetmasligi sababli tez qurib, ko‘p xarajatga tushar edik. Issiqxona qurganimiz sababli endi ko‘chato‘zimizda bor. Ortganini qo‘ni-qo‘shnilarga ham ulashyapmiz.
Mahallada 12 nafar nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan, shuningdek, 4 nafar nogiron farzandi bo‘lgan ayollar bor. Turli bayram va sayillarda ularga oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat sovg‘a-salomlar ulashiladi.
Mahalla ahlining eng katta muammolaridan biri – elektr energiyasining muntazam o‘chib turishi ekan. Hatto mahallaga kirib borganimizda ham elektr yo‘q edi.
- Har kuni shu ahvol, - deydi qishloq oqsoqollaridan biri Abdumurod bobo. – O‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan simyog‘ochlarning 80 foizi allaqachon o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan. Kamiga o‘nlab qo‘lbola ustunlar o‘rnatilgan. Butun boshli qishlog‘imizda bittagina transformator ishlab turibdi. Yildan yilga aholi va xonadonlar soni oshib boryapti. Lekin transformator o‘zgargani yo‘q. Sal shamol ko‘tarilsa, yuklama oshib, darrov o‘chib qoladi. Bugungi kunda 170 dan ziyod beton ustun va 1 ta qo‘shimcha transformator kerak bo‘lyapti.
Mahalla markazida ham isitish tizimi o‘rnatilmagan. Xavfli bo‘lsa-da, elektr pech qo‘yilgan, u ham yetarlicha issiq bermaydi. Xonalar sovuqligidan o‘tirib ishlab bo‘lmaydi?
Darvoqe, biz mahallaga kirib borganimizda kun juda sovuq bo‘lib, harorat -8...-10 darajani tashkil qilardi. Daraxtlarda noyob tabiiy hodisa - bulduruq tushganiga guvoh bo‘ldik. Dov-daraxtlar, o‘t-o‘lanlar xuddi qirov qoplagandek oppoq edi. Mahalla oqsoqollarining aytishicha, bu barakadan darak berar ekan. Rostdan ham barakali bo‘lib, kelgusi yilda bu mahallada ham insonlar qadr-qimmati yanada e’zoz topib, barchaning birdek yashashi uchun ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklarga sabab bo‘lar.
Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov.