Chet ellik rektorlar Samarqand davlat tibbiyot institutini 90 yoshi bilan tabrikladi

Samarqand davlat tibbiyot instituti 90 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan bugun institutda “Zamonaviy tibbiyotda fundamental fan” mavzusida onlayn tarzda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Polsha, Turkiya, Ukraina, Tojikiston va mamlakatimizning boshqa tibbiyot oliygohlari rektorlari qatnashdi va institutning qutlug‘ yoshi bilan tabrikladi.

- Avvalo, barchani institutimizning 90 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman, - dedi institut rektori Jasur Rizayev. – Qator yillardan buyon xorijiy davlatlarning tibbiyot institutlari bilan hamkorlikda mehnat qilib kelyapmiz. Albatta, bu hamkorlikdagi ishlarimiz o‘z samarasini beryapti. Bugun institut nafaqat O‘zbekistonda, balki chet davlatlarda ham o‘z nufuziga ega. Tibbiyotga oid ta’lim tizimini chet davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda o‘quv jarayoniga tatbiq etyapmiz, o‘zaro malaka almashayapmiz. Hali hamkorlikda bajaradigan ishlarimiz talaygina. Pandemiya sharoitida masofadan bo‘lsa-da, hamkorlikdagi ishlarimizni davom ettiryapmiz.

Konferensiyada tibbiyot oliygohlarida o‘quv jarayonining tashkil qilinishi, ta’lim sifatini oshirish, tibbiyot sohasi mutaxassislarini tayyorlashda Samarqand davlat tibbiyot instituti hissasi kabi masalalar keng muhokama qilindi.

Shuningdek, onlayn tadbirda zamonaviy tibbiyot yo‘nalishlariga bag‘ishlangan dolzarb masalalarga oid ma’ruzalar tinglandi.

Xurshida ERNAZAROVA.