Chetga mardikor emas, mutaxassis sifatida boring

Tartibli migratsiya huquqlaringizni kafolatlaydi

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil dunyo bo‘yicha muhojirlar o‘limi eng ko‘p kuzatilgan yil bo‘lgan. Tashkilotning «Yo‘qolgan muhojirlar» loyihasi 8565 kishining o‘limini qayd etgan va bu 2016 yildagi ko‘rsatkichdan deyarli yarim ming kishiga ko‘p. Shunday qilib, migratsiya masalalari, ayniqsa, keyingi yillarda jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan mintaqaviy va mahalliy nizolar, ishsizlik, qashshoqlik kabi muammolar zamirida yanada ahamiyatli bo‘lib bormoqda.

Mamlakatimizda ham bu muammo yaqin 10 yil davomida kun tartibidan tushgani yo‘q. O‘tgan davrda hukumatimiz tomonidan tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solishga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentning 2020 yildagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori shular jumlasidan. Ammo hamma ham bu imkoniyat va qulayliklardan xabardormi? Ulardan kim va qanday foydalanyapti? Shu va boshqa savollar asosida ma’lumot to‘plashga harakat qildik.

Angliyaga 324 nafar, Janubiy Koreyaga 76...

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyat filialidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 4 oyida viloyatimizdan 4390 nafar fuqaro xorijda tashkiliy tarzda ishga joylashtirilgan. Xususan, Angliyaga 324 nafar, Rossiyaga 156 nafar, Janubiy Koreyaga 76 nafar, Germaniyaga 32 nafar viloyatdoshimiz ketgan. Yil oxirigacha jami 21 ming nafar samarqandlikni xorijga qonuniy asosda ishga jo‘natish ko‘zda tutilgan.

— Tartibli mehnat migratsiyasi nafaqat xavfsiz ish sharoiti, balki kafolatlangan ijtimoiy himoya ham degani, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali rahbari Laziz Ibragimov. – Misol uchun, o‘tgan 4 oyda xorijda ishlash istagini bildirgan 2371 nafar samarqandlik kasb va til kurslarida o‘qitildi. Tashkillashtirilgan tarzda chetga ishlash uchun yuborilgan 488 nafar fuqaroning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash polislari xarajatlari qoplab berildi. 92 nafariga imtiyozli kredit ajratilib, parvoz va boshqa xarajatlari qoplanishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, 574 nafar mehnat migrantining oilasiga moddiy, huquqiy, ijtimoiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

Umuman olganda, yaqin yillarda mamlakatimizda mehnat migratsiyasiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarganligini tan olishimiz kerak. Ilgari xorijda ishlab, huquqlari poymol bo‘lgan fuqarolarimizning dardi o‘zi bilan qaytib kelardi. Bugun-chi? Bugun ular tegishli davlatlardagi konsullik yoki boshqa huquqiy ko‘mak markazlariga murojaat qilib, buzilgan huquqlarini tiklash imkoniyatiga ega. Albatta, bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, undan ham muhimi, shu kabi noqulay vaziyatlarga tushib qolmaslikning birgina sharti bor, u ham bo‘lsa, tartibli mehnat migratsiyasidan foydalanish.

Migrantlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish tizimi takomillashmoqda

- Yaqinda Prezidentimiz tomonidan «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi, - deydi Laziz Ibragimov. - Unga muvofiq, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi davlat korxonasi davlat muassasasiga aylantirilib, uning hududiy boshqarmalari, 2024-2025 yillarda esa Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya va Saudiya Arabistonida vakolatxonalarini yoki mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish markazlarini ochish belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalarida 1 ta shtat birligidan iborat mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy qilinmoqda. Bu, birinchi navbatda, qonuniy mehnat migratsiyasi imkoniyatlari har bir xonadon va fuqaroga yetib borishini ta’minlasa, ikkinchidan, chetda bo‘lgan fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmi samaradorligini oshiradi.

Farmon bilan joriy yilning 1 iyunidan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini (agar ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda) qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanishi belgilangan. Bundan tashqari, ular xorijda «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha kompensatsiya olishi mumkin.

Xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolganlarga advokat, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan haq ham jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.

Call-markaz, mobil ilova, ish beruvchiga subsidiyalar...

Hujjatda yaqin va uzoq kelajak uchun mo‘ljallagan yana qator vazifalar belgilangan. Jumladan, 2024 yilning 1 syentyabriga qadar mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz faoliyatini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Ahamiyatlisi, unga chet eldan chiquvchi abonentlar uchun qo‘ng‘iroqlar bepul bo‘ladi. 2025 yilning 1 iyuligacha esa mehnat migrantlari uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratilishi belgilangan.

Farmon bilan shu yilning 1 iyunidan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan shunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bu tartib 2026 yilning 1 yanvariga qadar davom etadi. Shuningdek, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining «Onlayn mahalla» elektron platformasida «Reintegratsiya» moduli yaratiladi. Har bir mahallada «mahalla yettiligi» tomonidan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni xatlovdan o‘tkazish va natijalarini «Reintegratsiya» moduliga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 2024 yilning 1 iyuliga qadar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari negizida ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish amaliyoti joriy qilinmoqda. 2025 yildan esa migrantlarning og‘ir ahvolga tushib qolgan yoki shunday ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarini muntazam ravishda monitoring qilib, ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish boshlanadi.

Asqar Barotov.