Chig‘iriqqa chiniqqan ruh

Shifokor va ijodkor, “Zarafshon” gazetasining eng faol o‘quvchilaridan biri Murodim Umrzoqov hayot bo‘lganida shu kunlarda 80 yoshni qarshilagan bo‘lardi. O‘ziga xos bu odam Ishtixonda tug‘ilib o‘sgan.

Asli kasbi shifokorlik bo‘lsa-da, elga ijodkor sifatida tanilgan edi. Birinchi qissasi 1990 yillarda shov-shuvga sabab bo‘ldi, keyin bir muddat "Zarafshon"da ham ishladi.

Nafaqaga chiqqandan keyin ham Murodim aka tahririyat bilan aloqani uzgan emas, ba’zan har haftada bizga dolzarb mavzuda maqola keltirib turardi. U har bir voqeaning ichiga kirib, mohiyatini aniqlashdan, shu yo‘nalishda kitoblar varaqlashdan erinmas, har bir satriga vujudini bag‘ishlardi. Shu sababli ham inson ruhiyatidagi o‘zgarishlarga oid  maqolalari doimo qiziqish bilan o‘qiladi.

Bugun Murodim akani xotirlab, "Registon" gazetasining 1997 yil 14 mart sonida shoir Nodir Jonuzoqning u kishi bilan uyushtirgan suhbatini berishga jazm etdik.

***

Murodim Umrzoq... 

Kasbi shifokor. Ayni paytda original asarlari bilan o‘zbek prozazida o‘z o‘rnini topmoqda. Ijodga jiddiy ko‘z bilan qaraydi. Muhimi, u siz o‘ylaganingizdan boshqacha inson.

- Ijodkor shaxsiga ta’rif bera olasizmi?

-  Ijodkor hayotning chigal chig‘iriqlaridan o‘tib, uning “lazzatli dahshatlari”ni o‘z tanasida o‘tkazmog‘i lozim. Yozuvchi qalban pok bo‘lmog‘i shart.

- Nosirning nazmga yoxud shoirning nasrga munosabati qanday bo‘lishi kerak?

- Nazm va nasrni ayri holda tasavvur ham etolmayman. Ilhom qaysi yo‘lni ma’qul ko‘rsa, o‘shanda yozish kerak. Alisher Navoiy yoki Pushkinning nasriy asarlarini oling, bular ham xuddi yoqimli she’rday o‘qilmaydimi?

- Yozish uslubingiz haqida to‘xtalsangiz.

- Uslub – bu, yuqoridan quyulib kelayotgan “shalola”ning shamoyili, miqdori, yo‘nalishi. “Shalola” har bir ijodkorga o‘ziga xos kuchga ega. Shuning uchun haqiqiy ijodkorlar bir-birini takrorlamaydi. Mening uslubim ham ruhiy quvvatimga bog‘liq.

- Ijodkorning ruhiy quvvat zaxirasi bo‘ladi, deyishadi...

- To‘g‘ri, ruhiy quvvatni tinimsiz o‘qish, g‘ayrioddiy sarguzashtlarni o‘tkazish, ongda “yilt” etgan chaqmoqlarni ilg‘ab qolish, maqsad sari qat’iy ishonch va shu ishonchga qorishgan quvonchgina bera oladi. Yana, judayam muhimi, sport, harakat... Hakim sifatida aytamanki, jismonan ojiz kishining ruhi ham nogiron bo‘ladi.

- Iste’dodlar ko‘pincha moddiy jihatdan qiynalishadi. Siz-chi?

- Rostini aytaymi? Menimcha sof, pokiza badiiy asarlar aynan ana o‘sha “iqtisodiy muammolardan qiynalish davri”da yuzaga keladi. Rus satirasining otasi Gogol “men yozuvchiman, shuning uchun ham ochimdan o‘lishim kerak!” degan ekan. Menga kelsak, odamlar nazarida sira yolchimagan kishiman. Birovlardan qarz olib bir tiyinni ham ro‘zg‘orga sarflamasdan ichib yuborgan damlarim bo‘ldi; qarz egalarining haqoratlarini eshitishimga to‘g‘ri keldi; ba’zi do‘stlarim meni “moxovga oshna” qilishdi; lekin nimaiki qilgan bo‘lsam, “yaltiroq to‘nimni yechib”, asl o‘zimni topish uchun qilganman. Illo, bu bosqichlar insondagi hushyorlikni oshirib, ruhni o‘tkirlashtiradi. “Shartnoma” asosida yozishga kelsak, bu mumkin, ayb ham emas, faqat buni yoshlarga sirayam maslahat bermayman. Ular hali jismonan, ruhiy quvvatlari bor ekan, ozroq azob chekishsin, qiyinchiliklardan toliqishsa-da, sof ijod qilishsin – qoladigani shu...

- Samarqand adabiy muhitiga fikringiz...

- Yoshlardan umidim katta. Boshqalar haqida nima desam ekan?! Qisqasi, “qozon-da bo‘lsa, vaqti kelib cho‘michga chiqar!”

- Bir kishi ham ijodkor, ham siyosiy arbob bo‘la oladimi?

- Mumkin. Ana “tirik” Chingiz Aytmatov.

- Ijodkorlararo raqobatga munosabatingiz?

- Hasad aralashmagan raqobat hamisha yaxshi.

- Ikki og‘iz oilangiz haqida...

- Turmush o‘rtog‘im hamshira. O‘ta sabotli ayol. O‘g‘illarim Sherzod va Behzod, qizlarim Shahnoza va Shahlolar hali maktabda o‘qishadi.

- Yangi romaningizni bitiribsiz. Sir bo‘lmasa...

- Roman “Dajjol”deb nomlangan. Asosiy qahramonlarning ko‘pchiligi mahbus va qimorbozlar bo‘lib, madadga muhtoj kishilarni himoya qilaman deya, odam o‘ldirib qo‘yishadi. Asarning qizil chizig‘i shu nuqtadan o‘tgan. Shuni aytishim kerakki, bu romanim na chet el, na o‘zbek detektiv asarlariga o‘xshaydi. Bu yerda butunlay boshqa gap bor...

- Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

Nodir Xolbo‘tayev suhbatlashdi.

(1997 yil)