Cho‘ponotada zamonaviy avtoshohbekat barpo etiladi

Joriy yilning may oyida Samarqand shahrida respublikamizda ilk marotaba jamoat transportlarida “TezKard” yo‘lkira xaqini to‘lashning zamonaviy usuli joriy qilingandi. 437 ta avtobus va 12 ta tramvaylarga validatorlar o‘rnatildi. Shahardagi 15 ta jeton sotish shahobchalarida qo‘shimcha ravishda “TezKard” yo‘lovchi kartasi sotilishi ham yo‘lga qo‘yildi. Bugun viloyatimiz transport boshqarmasi tomonidan mamlakatimizda birinchi bo‘lib, xorijlik sayyohlar uchun «VISA» karta orqali yo‘lkirani to‘lash tizimi ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan anjumanda viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari jurnalistlarga shu kabi yangiliklar haqida axborot berishdi.

- O‘tgan yilgi Davlat dasturi ijrosi yuzasidan viloyatdagi yo‘lovchi tashuvchilar tashabbusi bilan sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha onlayn (GPS) rejimida yo‘nalishdagi avtobuslarni masofadan kuzatish tizimi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, - dedi viloyat transport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i E.Murodov. – Bugun Samarqand shahridagi 61, 67, 14,  24, 7, 256-yo‘nalishlardagi 46 avtobusda ushbu onlayn rejimni sinovdan o‘tkazyapmiz. Bu tizim avtobuslarning grafikka rioya qilgan holda qatnovi, belgilangan tartib doirasida harakatlanishini nazorat qilish imkoniyatini beradi.

Anjuman davomida yo‘lovchi tashish ishlari bilan noqonuniy tarzda shug‘ullanayotgan kirakashlikka qarshi kurashish borasida ham ma’lumot berildi.

- Tegishli tashkilotlar bilan o‘tkazilgan 882 ta qo‘shma reyd tadbirlari natijasida o‘tgan yili 6876 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, - deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i A.Imomov. - Sudlarga yuborilgan 6814 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlarining 6787 tasi ko‘rib chiqilib, qonunbuzarlardan davlat foydasiga 6 milliard 335 million so‘mdan ortiq jarima undirildi.

Shuningdek, tadbirda shahar va tumanlarda yo‘nalishsiz taksi va avtobuslarning texnik va sanitariya holati, haydovchilarning yo‘lovchilarga nisbatan muomalasi, kiyinish madaniyati, avtobuslarning oraliq bekatlarda asossiz ravishda uzoq vaqt to‘xtab turishi, yo‘lovchi tashish transportlarining bir-birini quvib o‘tish qoidalarini buzish holatlariga oid jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob va izohlar olindi.

Abdug‘ofur Sherxolov.