Transport tizimidagi muammolardan kuyunadigan, yutuqlaridan hammadan ko‘proq suyunadigan inson
Samarqand transport sohasi fidoyisi Taras Karimov bugun 85 yoshga kirdi.
T.Karimov 1937 yil 10 aprelda Narpay tumanida tug‘ildi. Avval Samarqandda avtomobilsozlik texnikumida, keyin Toshkent avtomobil va yo‘llar institutida tahsil oldi.
Taras Karimovning asl kasbi haydovchilik. Tajribali haydovchilikdan shu sohaning lavozimli vazifalarida ham ishlab kelgan.
Otasi Salim aka iste’dodli jurnalist edi. Shuning uchunmi Taras aka yoshligidan muxbirlikka qiziqdi, garchi haydovchilik kasbini egallagan bo‘lsa ham gazetalarning jamoatchi muxbiriga aylandi. Uning muammoli va munozarali maqolalari "Pravda vostoka" gazetasida muntazam chiqib turdi. Bugungi kunda Taras Karimov O‘zbekiston Respublikasining faxriy avtomobilisti. U bu hurmat va e’tiborga osonlikcha erishgani yo‘q. Qariyb 60 yil transport tizimining past-u balandini, mashaqqatli yo‘lini bosib o‘tdi. Soha rivoji uchun izlandi, ishladi, yangiliklar yaratdi.
Tabarruk 85 yoshga kirgan Taras Karimovni ko‘rgan kishi hali 70 yoshga kirmagan bo‘lsa kerak, deydi. Chunki tetik, g‘ayratli. Suhbatlashsangiz, bir dunyo ma’lumot, bir olam zavq olasiz.
T.Karimov jamoatchi muxbir bo‘lgan, dedik. Hozir ham shunday: gazeta bilan hamnafas. «Samarkandskiy vestnik» gazetasining faol mualliflaridan biri. U turli mavzulardagi, ayniqsa, transport sohasidagi kamchilik va muammolarni doim birinchilardan bo‘lib, gazeta sahifalarida yoritib keladi. Jonkuyarligi, oilaparvarligi bilan atrofdagilarning e’tiboriga tushgan.
Otaxonni ulug‘ yosh bilan tabriklab, mustahkam sog‘liq, uzoq umr tilaymiz.