Sog‘lom ijodkor sog‘lom fikr yuritadi

Viloyat Matbuot uyida viloyat endokrinologiya dispanseri mutaxassislari ishtirokida “Noyabr – qandli diabet oyligi” yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Viloyat endokrinologiya dispanseri poliklinikasining endokrinolog vrachi Yulduz Abduroziqovaning ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 1,9 milliard kishi ortiqcha vazn muammosiga duchor bo‘lgan, 450 million nafarga yaqin kishi qandli diabet kasalligiga chalingan.

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonning 46 foiz aholisida ham ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammo bor. Ularning 18 foizi semizlik, 8,7 foizi esa qandli diabet bilan kasallangan. Samarqand viloyatida qandli diabet bilan 42 ming 300 nafar bemor dispanser nazoratiga olingan bo‘lib, ulardan 509 nafarini bolalar tashkil etadi.

Viloyatda 2024 yilning o‘tgan oylari davomida 793 ming 41 nafar 40 yoshdan oshgan xavf guruhidagi aholi o‘rtasida skrining o‘tkazilgan. Shundan 14 ming 932 nafarida prediabet, 31 ming 417 nafarida semizlik, 3 ming 679 nafarida qandli diabet kasalliklari erta aniqlanib, ularga kerakli tavsiyalar berilgan. Oylik doirasida akademik Yo.To‘raqulov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali xodimlari tomonidan viloyatning barcha tumanlarida, Mehribonlik uyi, Samarqand shahar harbiylar shaharchasida tibbiy ko‘riklar tashkil etilgan.

Tadbir doirasida jurnalist va blogerlar dispanser mutaxassislari tomonidan qandli diabet, EKG, UZI, okulist, kardiolog va nevropatolog tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

- Ijodkor ijod bilan band bo‘lganda salomatligini tekshirtirishga ham vaqt topolmaydi, - deydi faxriy jurnalist Baxtiyor Jumayev. – Bugungi tashkil etilgan tadbir barchamiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Asosiysi, tajribali shifokor mutaxassislarning tibbiy tekshiruv davomidagi maslahati o‘z salomatligimiz to‘g‘risida qayg‘urishimiz zarur ekaniga undadi.

Husan Eltoyev.