“Daftar”lar nima berdi?

Bugun hayotimizga “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tushunchalarining kirib kelishi orqali ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar va yoshlar turmush tarzida tub o‘zgarishlar bo‘lganiga barchamiz guvohmiz. Bu davlatning o‘z fuqarolari hayoti, buguni va ertasi uchun befarq emasligining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.
Samarqand viloyatida “Temir daftar” tashkil etilganida unga boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan, ishsiz va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, ko‘p bolali, uzoq muddatga xorijga ketib oilasiga daromad keltirmayotgan va boshqa sabablarga ko‘ra kambag‘alligi aniqlangan 47 770 oila kiritilgan edi. Yil davomida joylarda muntazam ravishda o‘tkazilgan muloqotlar natijasida "daftar"ga 4207 oila qo‘shildi.
Ro‘yxatga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan vaqtincha daromad manbaiga ega bo‘lmagan, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalarga 37,1 milliard so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi, 3 995 nafar fuqaroga 8,2 milliard so‘mlik asbob-uskunalar, 1588 oilaga 15 880 bosh xonaki tovuq tarqatildi. Bundan tashqari, mehnatga layoqatli
66 ming 642 nafar ishsiz fuqarodan 64 ming 105 nafari oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, hunarmandchilikka, jamoat ishlariga, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi doirasida ishga tushirilgan loyihalarda yaratilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi. Shuningdek, yer ajratib berish, o‘zini-o‘zi band qilish va boshqa yo‘nalishlar orqali bandligi ta’minlandi.
Viloyatda 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 655 102 nafar ayollarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari anketa-so‘rovnomalari asosida xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy sharoiti og‘ir, yordamga muhtoj 34 939 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi.
“Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlar ishga joylashish, moddiy yordam ko‘rsatish, uy-joyini ta’mirlash, noturar joylarda istiqomat qilayotganlar, qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lganlar, tibbiy himoyaga, huquqiy yordam olishga muhtoj kabi toifalarga ajratilgan holda mas’ul tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda tegishli yordam ko‘rsatildi. Xususan, 18 198 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 4 553 ta boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilaga 4,1 milliard so‘m bir martalik moddiy yordam hamda 602 nafar ayollarga 198,8 million so‘mlik qo‘shimcha yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, 780 nafar qaramog‘ida bir va undan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollarga 409,1 million so‘m bir martalik moddiy yordam ajratildi. 3948 nafar ayolga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, o‘zini-o‘zi band qilish va qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish maqsadida 2907 nafar ayolga 4,3 milliard so‘mlik asbob-uskunalar tarqatildi.
“Yoshlar daftari” ro‘yxatini shakllantirish maqsadida o‘rganishlar natijasida viloyatdagi 18-30 yoshdagi 717 193 nafar yoshlardan 69 889 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Ro‘yxatga kiritilgan yoshlarning 79 foizi ishsiz yoshlar sifatida qayd etilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 67 890 nafar yigit-qizga tegishli yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 15 754 nafari doimiy ishga, 1789 nafari “Ustoz-shogird” an’anasi doirasida hunarmandchilikka jalb etildi. 5376 nafariga tadbirkorlikni boshlashi uchun kredit ajratildi, 27 346 nafar yoshlarga 2241 gektar yer maydonlari berildi, 10 570 nafar yoshlarga o‘zini-o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalar tarqatildi.
Bugungi kunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da qolgan oilalar, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlar davom etmoqda. Ularni qiynayotgan muammolar, qiziqtirgan savollar hamda bildirayotgan takliflari har tomonlama o‘rganilib, ijobiy yechim topish choralari ko‘rilmoqda. Ta’kidlash lozimki, mazkur daftarlar orqali qanchadan-qancha oilalarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi ta’minlandi. Bu oilalar a’zolarining bugunidan roziligi, ertangi kunga ishonchi oshishiga erishilmoqda. “Daftar”larni yuritishdan ko‘zlangan maqsad ham shu, aslida.
Dilshod Shakarboyev,
viloyat iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i
birinchi o‘rinbosari.