Daraxt bir joyda ko‘karadi

Otam Mustafoqul Muhammadiyev bu gapni ko‘p takrorlar, unga amal qilishimizni uqtirardi.
Zomin tumanining olis Karim qishlog‘ida tug‘ilgan otam ilk mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlab, keyinchalik prokuratura, sud idoralarida ishlagan. Toshkent davlat universiteti huquqshunoslik fakultetida tahsil olgach, otamning huquq sohasidagi ish faoliyati Ikkinchi jahon urushining og‘ir va mashaqqatli yillariga to‘g‘ri kelgan. Otam adolatparvar, qonun ustuvorligiga doimo rioya qiladigan haqiqiy huquqshunos edi. Birovni nohaq ayblashdan, jabr qilishdan mutlaqo yiroq edi. Ko‘rib chiqiladigan har bir jinoiy ishga o‘tkir did, aql-farosat bilan, inson taqdiri hal bo‘layotganini unutmasdan yondashardi. U kishining bu fazilatlarini ko‘plab shogirdlari haligacha aytib yurishadi. Bu qat’iy “hukm”ga 1943-1948 yillarda Qoraqishloq tumani prokurorining yordamchisi, 1948-1958 yillarda Qoradaryo, so‘ngra Qorako‘l tumani prokurori, Samarqand shahar prokurorining yordamchisi, Paxtakor (hozirgi Paxtachi) tumani prokurori, Past Darg‘om tumani prokurori yordamchisi, so‘ngra Bulung‘ur va Jomboy tumanlari sudining sudyasi vazifalarida ishlagan chog‘ida og‘ishmay amal qilgan. Shuning uchun ham 1969 yilda u kishiga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist» faxriy unvoni berilgan.
Otam lavozimini, kasbini pesh qiladigan kalondimog‘ kishilarni yoqtirmas edilar. Muloqotlar chog‘ida biz, farzandlar bunga guvoh bo‘lganmiz.
Prokuror yoki sudyalik lavozim emas, balki kasb, adolat va vijdon amri bilan el-yurtga xizmat qilish, xalqning tinch va osoyishta yashashga, qonunlarga itoat qilishga chorlovchi burch deb bilardi. Ayrim yigit-qizlarni azbaroyi prokuror yoki sudya bo‘lish uchun huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirayotganligini sira hazm qilolmasdi. “Ular, avvalo, qonunchilik mohiyati, vazifasi, tarixini chuqur o‘rganishlari, hayot sinovlaridan o‘tib, odamlar bilan ishlash tajriba, ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari kerak. Undan keyin aniq maqsad bilan huquqshunos bo‘lishga jazm etishlari zarur”, deb hisoblardi.
O‘zi ham bir umr ana shu aqidaga amal qilib yashadi. Shuning uchun hamkasblari, shogirdlarini kamtar bo‘lishga chaqirgan. Adolat, odamlar taqdiriga chuqur mas’uliyat bilan yondashish lozimligini quloqlariga quyub kelgan.
Otam hayotdan hikmat izlagan inson edilar.
Ko‘p kitob o‘qirdi. Davralarda, o‘zaro suhbatlarda, majlislarda aforizmga o‘xshash hikmatli gaplarni ko‘p aytardi. Ulardan yodimda qolganini hamon takrorlab yuraman: “Daraxt bir joyda ko‘karadi”, “Oshirib yuborilgan maqtov ham, tanqid ham zararli”, ”Dushman orttirmaslik uchun kechirim so‘rashni bilish kerak”.
“Daraxt bir joyda ko‘karadi”, degan gapni ko‘p takrorlar, unga amal qilishimizni uqtirardi. Bunga biz, yetti aka-uka, opa-singil, yanga-yu kelinlar amal qildik. Xususan, opam Adolat O‘sarova 40 yil Samarqand shahridagi 34-son maktabgacha ta’lim muassasasida ishlab, nafaqaga chiqdi, xalq ta’limi a’lochisi bo‘ldi. Yangam Oysha Qodirova (rahmatli) 30 yildan ziyod Samarqand shahridagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabida biologiya fanidan o‘quvchilarga saboq berdi. O‘zim Samarqand iqtisodiyot (avvalgi kooperativ kasb-hunar texnikumi) kollejida 42 yil o‘qituvchilik qildim. Kelinlarimiz - Dilbar Rasulova Jomboy tumanidagi 23-maktabda 40 yil, Olmaxon Muhammadiyeva viloyat injiniring kompaniyasida 30 yil muhandis bo‘lib ishladi. Muhimi, padari buzrukvorimning o‘zi ham 42 yil davomida prokuratura va sud idoralarida benuqson faoliyat ko‘rsatdi.
Otam 84 yil umr ko‘rdilar. U kishining hayoti ham, mehnat faoliyati ham biz uchun ibrat maktabi. Bugun bir etak nevara va evaralari bobosi ortidan xalqqa vijdonan xizmat qilish uchun o‘qib, izlanyapti. Biz nabiralarimizga otamizning ajoyib xislatlari bilan bog‘liq o‘tgan voqealarni hikoya qilamiz, qilgan ezgu ishlarini ibrat maktabi qilib ko‘rsatamiz.
Muborak Rasulova.