Daraxtlarni uch nafar fuqaro “o‘zboshimchalik” bilan kesgan ekan

Kecha bir qator ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon shahriga kirib borishda daraxtlar kesilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ishtixon tumani Kengashi hamda tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish olib borildi.

O‘rganish natijasida haqiqatan ham tumanning Ishtixon shaharchasiga kirib borish yo‘li yoqasidagi 6 tup zarang va 2 tup shumtol daraxtlari G‘ofur G‘ulom nomli mahallada yashovchi fuqaro J.U., “Ravot” mahallasida yashovchi fuqarolar M.D. va I.K. tomonidan 5 iyul kuni kuchli shamol tufayli shoxi singan daraxtlar o‘zboshimchalik bilan motorli arra orqali kesib tashlangan.

Yuqorida nomlari keltirilgan 3 nafar fuqaroning har biriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga asosan 1 million 225 ming so‘mdan jarima hamda 63 million 700 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zararni qoplash uchun kompensatsiya hisoblandi.

***

P/S. Qarang-a, uch kishi katta yo‘l yoqasidagi daraxtlarni kesadi-yu bunga hech kim e’tibor bermas ekan... Nima, Ishtixonda hokimlik, huquq-tartibot organlari yo‘qmi? Ular kim, nima maqsadda bu daraxtlarni kestirayotgani bilan qiziqmaydimi? Katta yo‘l yoqasidagi daraxtni kesishdan oldin yo‘l yopilgandir yoki haydovchi va yo‘lovchilar bundan ogohlantirilgandir – bu ishni kim bajardi ekan?
Odamlar-chi, nahotki hech kim bu daraxtlar nima uchun, kimning buyrug‘i bilan kesilayotganiga qiziqmagan?

Nima, uch kishiga chora ko‘rilsa, ulardan (balki ularga buyruq berganlardan) kompensatsiya undirilsa, xabarlarga munosabat bildirilsa bo‘ldimi? Yana qachongacha bunday "o‘zboshimchalik" davom etadi?
Prezidentning daraxt kesishga qarshi moratoriy e’lon qilgani qayerda qoldi endi?
Balki Ishtixon tumani hokimligi bunga izoh berar.