Darslar “Nuroniylar” choyxonasida o‘tilmaydigan bo‘ldi

Samarqand shahridagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ayrim dars mashg‘ulotlari mahallada joylashgan “Nuroniylar” choyxonasida o‘tilgan. Maktab binosi ta’mirtalabligi, faollar zali yo‘qligi va dars mashg‘ulotlarini o‘tish uchun sinf xonalari yetishmasligi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Muammo bilan tanishgan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Samarqand shahar kengashiga deputat Ahmadjon Mamatov shahar hokimligi hamda xalq ta’limi bo‘limiga deputatlik so‘rovi kiritgan.
- O‘quv binomiz 240 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, maktabimizda 635 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda, - deydi ta’lim muassasasi direktori Zebo Ahmedova. - Deputatimiz Ahmadjon Mamatov tashabbusi bilan mutasaddilarga qilingan murojaat asosida pandemiya sharoitiga qaramasdan, maktab qurilishi uchun zarur mablag‘ ajratilib, 770 o‘rinli maktab binosini qurish ishlari boshlab yuborildi.
Loyiha bo‘yicha maktabda 3 ta qo‘shimcha binolar qurilishi nazarda tutilgan. Jumladan, 3 va 2 qavatli o‘quv binolari hamda sport zali bunyod etiladi. Qurilish ishlarini moliyalashtirishning 50 foizi davlat byudjeti hisobidan, 50 foizi esa xususiy qurilish tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladi. Xususiy sektor tomonidan loyihani moliyalashtirish va to‘liq qurib, foydalanishga topshirish ishlari Samarqand shahridagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sobiq bitiruvchilari rahbarlik qilayotgan “Qayumov stroy invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Sogda Zarafshon suvqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Zilola DO‘SANOVA,
“Adolat” SDP Samarqand shahar kengashi raisi.