Daryolar hamkorlikda muhofaza qilinadi
Samarqand shahrida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlarni boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasi Zarafshon daryosi havzasida iqlim xavf-xatarlarini baholash bo‘yicha seminar boshlandi.
Unda O‘zbekiston va Tojikiston davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish, favqulodda vaziyatlar va gidrometeorologiya xizmatlari mutaxassislari ishtirok etmoqda.
— O‘rta Osiyo davlatlarida suv muammosining paydo bo‘lishi nafaqat mintaqa, balki global muammo hisoblanadi, - deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov. – Hududda ekotizimning buzilishi, cho‘llanish ham ekologik, ham iqtisodiy xavflarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois bugun ayni muammoga, xususan, Zarafshon daryosiga salbiy ta’sir qilayotgan omillarni aniqlab, bartaraf etish masalasiga xalqaro mutaxassislarning e’tibori qaratilgan. Seminarda o‘tgan vaqtda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari muhokama qilinib, tegishli xulosalar chiqariladi. Bu ma’lumotlar shu yili Birlashgan Arab Amirliklarida qabul qilinishi kutilayotgan Samarqand deklaratsiyasiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Seminarda O‘zbekiston va Tojikistonda o‘tkazilgan dastlabki tadqiqot natijalari tahlil qilinmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi beshta kichik daryo havzalari bo‘yicha olib borilayotgan kengroq tadqiqotning bir qismi bo‘lib, unda har bir daryoga iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish choralari taklif qilinadi va amaliyotga tadbiq qilinadi.
Seminar ikki kun davom etadi.