Dastur ijrosi: Yangiqo‘rg‘on yangilandi
"Obod xonadon — obod ko‘cha — obod mahalla" mezonlarini joriy etish asosida Oqdaryo tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasida joriy yilning sentyabr oyida boshlangan ishlar yakuniga yetdi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni oldidan mahalla ahli uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbir erta tongdan ’’Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam’’ shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi. Unda 4 mingdan ziyod aholi va 150 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etdi.
Shundan so‘ng 10 ta ob’yekt foydalanishga topshirildi. Ularning biri mahalla fuqarolar yig‘ini binosidir.
- Shu paytgacha ijarada turib, faoliyat yuritib kelardik, - deydi mahalla raisi Ulug‘bek Mustafoyev. – Yangi bunyod etilgan bino 6 ta xonadan iborat bo‘lib, barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Buning uchun 457 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bu yerda mahalla faollari uchun yetarlicha sharoit yaratildi. Mingdan ziyod kitoblar bilan ta’minlangan kutubxona ham tashkil etildi.
Mahalladagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi joriy ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
- Muassasamiz binosi 100 yillik tarixga ega, - deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Jumayeva. – Shu paytgacha binoning issiqlik tizimi yaxshi bo‘lmaganligi sababli qish kunlari sovuq sinfxonalarda dars o‘tishga majbur bo‘lardik. Maktabdagi jihozlar ham talabga javob bermasdi. 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari natijasida barcha mavjud muammolarga yechim topildi. Kutubxonamizga 2 mingdan ziyod badiiy adabiyotlar keltirildi.
Shuningdek, homiylarni jalb etgan holda, 13 ta kam ta’minlangan oilaning xonadonlari ta’mirlandi hamda boquvchisini yo‘qotgan 3 nafar fuqaroga yangi uy qurib berildi.
Mahalla aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 471 nafariga bepul dori-darmon, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning 5 nafariga aravacha, 9 nafariga protez-ortopediya vositalari berildi.
Xatlov natijasida aniqlangan 151 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 272 dona yangi temir-beton ustunlar, 2 ta transformator o‘rnatildi.
Ichki ko‘chalarning jami 3,8 kilometr qismiga asfalt yotqizildi, 7,1 kilometr qismi shag‘allashtirildi. 600 metr uzunlikda piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Hududdagi 4 ta qabriston to‘liq obodonlashtirildi.
Tadbir doirasida arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Bu savdo yarmarkasi Yangi yil bayramigacha davom etadi.
Tadbirlarda ’’Nuroniy’’ jamg‘armasi boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev, respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat hokimligi vakillari, tuman sektor rahbarlari ishtirok etdi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV (surat).